«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ bosh direktori Muratbay Bazarimbetov pora olganlikda gumonlanib, huquq tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. U pora olganlikda gumon qilinmoqda.

«Gazeta.uz»ga «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasining matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 24 dekabr kuni Muratbay Bazarimbetov o‘zining xizmat xonasida qo‘lga olingan.

Urganch shahar xalq deputatlari kengashi a’zosining Kun.uz`ga aytishicha, Bazarimbetov o‘rtaga ishonchli odamini qo‘yib, yonilg‘i quyish shoxobchasini elektr tarmog‘iga ulab berish uchun tadbirkordan 20 ming dollar so‘raganlikda gumonlanmoqda. Keyinchalik bu qiymat 15 mingga tushirilgan, deyiladi xabarда.

Shundan so‘ng, tadbirkor deputatga shikoyat qilgan, u esa huquq-tartibot idoralariga xabar bergan. Tadbirkor maxsus tadbirda hamkorlik qilishga rozilik bergan. 24 dekabr kuni Muratbay Bazarimbetov o‘rtadagi ishonchli shaxs pulni kabinetiga kiritib berganidan so‘ng, ushlangan.

Deputat ta’kidlashicha, tezkor tadbirda o‘rtadagi shaxs va rahbarning muloqoti yozib olingan. Audioyozuvlarda rahbarning: «Pulning hammasini berdimi? Hammasini oldingmi? Mana bu tumbochkaga qo‘y», — degan so‘zlari ham bor.

Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda, Muratbay Bazarimbetov esa hibsda saqlanmoqda, deya qo‘shimcha qilgan deputat.

Muratbay Bazarimbetov «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari»ni 2019 yildan beri boshqarib kelayotgan edi.