AOKA bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva mansabdor shaxslar jinoyat sodir etishi oqibatida 2019 yilda 1 trln so‘m zarar yetkazilganini ma’lum qildi. 2020 yilning 11 oyida esa bu miqdor 346 mlrd so‘mni tashkil etgan.

«2019 yilda mansabdorlik bilan bog‘liq jinoyatlar 2017 yilga nisbatan 60 foizga, poraxo‘rlik jinoyatlari esa 53 foizga kamayishiga erishilgan», — deya qo‘shimcha qildi agentlik vakili.

Ta’kidlanishicha, aholining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirish, buning uchun ularni rag‘batlantirish zarur. Jumladan, 2017 yilda Hukumat qarori bilan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda 100 nafar fuqaro 78 mln so‘mdan ortiq pul mukofoti bilan rag‘batlantirilgan.

«Ammo mazkur qaror asosida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar rag‘batlantirilmagan, shuningdek, davlat xizmatchilarini rag‘batlantirish nazarda tutilmagan», — deya ta’kidladi Umida To‘xtasheva.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni pul mukofoti bilan rag‘batlantirish masalasi hududiy maxsus komissiyalar va respublika maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish tartibi belgilanayotgani qayd etildi.

«Fuqaro korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarlik to‘g‘risida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi organga murojaat qilgandan so‘ng, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organ mansabdor shaxslari jinoyatni tezkor fosh etish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda tezkor qidiruv va tergovga qadar tekshiruv harakatlarni o‘tkazish choralarini ko‘radi», — dedi Antikorrupsiyaga agentligi vakili.

Umida To‘xtasheva dastlabki tahlillarga ko‘ra, korrupsiyaga holatlari haqida xabar berganlarni rag‘batlantirishga qancha mablag‘ jalb qilinishiga ham to‘xtalib o‘tdi. «Ushbu Qarorning ijrosi uchun davlat byudjetidan har yili qo‘shimcha o‘rta hisobda 300−500 millon so‘m mablag‘ talab etiladi», — dedi u.

Shuningdek, nizom talablariga muvofiq, korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqida bila turib, yolg‘on ma’lumot bergan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi ham ta’kidlab o‘tildi.