Oliy Majlis Senatining 11-yalpi majlisida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov senatorlar sohaga davlat xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarni jalb qilish holati haqida savoliga javob bera turib, 2021 yildan madaniyat obyektlarining bo‘sh turgan maydonlarini tadbirkorlarga berilishini aytdi.

“Deylik, bir hududda Madaniyat markazi yarim gektar maydonning 15−20 sotix joyini band qilib turibdi. Qolgan joyini tadbirkor so‘rayapti. Madaniyat markazi o‘sha hududni saqlash turishga ham ortiqcha mablag‘i yo‘q. Agar shuni tadbirkorga beradigan bo‘lsak, tabiiyki, hokimiyatni balansiga o‘tkazish va hokimning qarori kabi shunaqa juda ko‘p byurokratiya holatlari bor”, — dedi vazir.

Shu kabi muammolar yechimi sifatida hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi. “Boshqa tashkilotlar bilan kelishib bo‘lganmiz, faqat Vazirlar Mahkamasi xulosasini kutayapmiz. 2021-yildan buni jadal amalga oshiramiz”, — dedi Nazarbekov.

Vazir hozirga qadar davlat xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga qaysi ob’ektlar topshirilganiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Shu kungacha tizimdagi beshta, ya’ni Andijon viloyatidagi „Alisher Navoiy“, „Qo‘rg‘ontepa“, „Shahrixon“ bog‘lari, Marhamat tumanidagi bolalar va Samarqanddagi „Afsona“ madaniyat va istirohat bog‘lari tadbirkorlarga davlat xususiy sheriklik asosida berilgan. Yana 15 dan ortiq madaniyat markazlari ham DXSH asosida shartnomalar imzolangan. Lekin bizda bu borada bir qancha muammolar kelib chiqdi. Tajriba nuqtai nazaridan ham Madaniyat vazirligi, ham hududiy hokimiyatlar tomonidan tushunmovchiliklar yuzaga kelayapti”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.

U aynan shu kabi kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida ham Hukumat qarori loyihasi tayyorlanganini ta’kidladi.