Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 7 yanvar kuni Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri oldida ochiq muz maydoni ishga tushiriladi.

Ma’lum qilinishicha, shahar markazidagi muz maydoni bir oy muddatga o‘rnatiladi va u yerda qator madaniy-ko‘ngilochar, sport tadbirlari o‘tkaziladi. Konsert zonasida «Dance Music Fest Winter», «Iosis Fest», «Tashkent Rap Festival» musiqiy festivallari, shuningdek xokkey bo‘yicha o‘smirlar chempionati, muz ustida raqs shousi kabi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Shahar muz maydoni ochilishi doirasida Rossiya muz sporti yulduzi, figurali uchish bo‘yicha Olimpiya chempioni Aleksey Yagudin o‘zining «Qish» dasturi bilan ishtirok etishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.