Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida piyodani urib yuborgan Nexia-2 avtomobili haydovchisi bir kishining o‘limiga sabab bo‘ldi.

IIV YHXBBning xabar berishicha, hodisa 1 yanvar kuni soat 21.00lar atrofida Sho‘rchi tumani «Saksonkapa» MFY hududidan o‘tuvchi «4K-592» avtomobil yo‘lining 11 kilometrida sodir bo‘lgan. «Sho‘rchi-Oltinsoy» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan Neksiya-2 haydovchisi piyoda fuqaroni (1985 yilda tug‘ilgan) urib yuboradi va voqea joyidan yashirinadi.

Natijada 36 yoshli fuqaro turli darajada tan jarohatlari olib kasalxonada vafot etgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni tumanning «Oqqo‘rg‘on» mahallasida yashovchi, ishsiz, 1995 yilda tug‘ilgan I.R sodir etganligi va hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan ashyoviy dalillar uning boshqaruvida bo‘lgan Neksiya-2 rusumli avtomashinaga tegishli ekanligi aniqlandi.



2 yanvar kuni I.R. ga nisbatan JKning 266-moddasi 2-qismi va 177-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.