Toshkentda Rossiya «Pasport-viza xizmati» va «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi» filiallari ochiladi. Bu boradagi kelishuvlar mehnat migratsiyasi masalalarida muzokaralar olib borish maqsadida bosh vazir maslahatchisi Mehriddin Xayriddinov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiyaga tashrifi chog‘ida imzolangan.

Hujjatlarni O‘zbekiston tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhitdinov va Rossiya tomonidan «Pasport-viza xizmati» rahbari o‘rinbosari P.Karpovets va «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi» bosh direktori S.Baldin imzoladi.

Filiallar ochilishi natijasida o‘zbekistonliklar Rossiyada ishlashga ruxsat olish bilan bog‘liq xizmatlarning bir qismidan Toshkentning o‘zida foydalana oladi. Bu orqali hujjatlarni tayyorlashda ularning vaqti va xarajatlari qisqaradi.

Ma’lumot o‘rnida, «Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi» Rossiya bo‘ylab mehnat faoliyati uchun ruxsat beruvchi kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan vakolatli tashkilot hisoblanadi.