YUNESKOning ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda o‘z vazifasini bajarish davomida 59 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Shulardan 4 nafari ayol kishi bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, pandemiya boshlanishi bilan jurnalistlarning xavfsizligi borasidagi muammolar ham jiddiylashdi.

Eng ko‘p jurnalist Lotin Amerikasida va Karib dengizi bo‘yi hududlarida halok bo‘lgan — 22 nafar jurnalist. Arab davlatlarida esa o‘z vazifasini bajarayotganda 9 nafar, Afrikada 6 nafar jurnalist o‘ldirilgan.

Shunday bo‘lsada, 2020 yil jurnalistlar uchun oxirgi o‘n yil ichida eng xavfli yil emas. Masalan, ushbu ko‘rsatkich 2019 yilda 57 nafarga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilda 99 nafarni tashkil qilgan.

Jurnalistlarning xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar COVID-19 pandemiyasi boshlanishi bilan yomonlasha boshladi, deya xabar berdi YUNESKO. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan inqiroz reklama daromadlaridagi katta yo‘qotishlar professional ommaviy axborot vositalarining barqarorligi va mavjudligini xavf ostiga qo‘ydi. Jurnalistlar bundan ham xavfli muhitga, ma’lumot izlash, olish va tarqatishda cheklovlarga duch kelishdi.

«Yangi yil arafasida men xalqaro hamjamiyatni ma’lumotlarning jamiyatga manfaat keltiruvchi sifatidagi ahamiyatini saqlab qolishga chaqiraman. Jurnalistikani himoya qilish haqiqatni himoya qilishdir», — dedi YUNESKO bosh direktori Odre Azule