24-dekabr kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Misr Arab Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Amira Fahmiyni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib, elchini O‘zbekistonga tayinlangani bilan tabrikladi va mas’uliyatli diplomatik missiyasini bajarishida muvaffaqiyat tiladi.

Suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekiston — Misr munosabatlari hamda BMT, IHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada faollashtirish istiqbollari bo‘yicha hamda turli darajadagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.