Maya Sandu rasmiy ravishda Moldova Respublikasi prezidenti lavozimiga kirishdi

Maya Sandu Moldova prezidenti sifatida ish boshladi. 24 dekabr kuni Sandu parlament a’zolari, Konstitutsiyaviy sud a’zolari va xorijiy diplomatlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimida qasamyod qildi. Marosim Moldova Respublikasi davlat madhiyasining ijro etilishi bilan boshlandi, so‘ngra Konstitutsiyaviy sud raisi Domnika Manole prezident saylovlari natijalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirdi. Sandu qasamyodidan so‘ng Manole «Sandu rasmiy ravishda Moldova Respublikasi prezidenti lavozimiga kirishdi» deb e’lon qildi. Inauguratsiya marosimiga Igor Dodon (endilikda Moldova sobiq prezidenti) tashrif buyurmadi. — Inauguratsiya marosimi (video).

Tramp 2021 moliyaviy yil uchun harbiy byudjet loyihasiga qarshi chiqdi

AQSH prezidenti Donald Tramp 23 dekabr kuni mamlakat Kongressi tomonidan 2021 moliyaviy yili (1 oktyabrdan boshlandi) uchun tasdiqlangan harbiy byudjet loyihasiga veto soldi. «Men 2021 moliyaviy yili uchun harbiy byudjet loyihasini tasdiqlamay qaytardim. Ma’muriyat qonun loyihasining bizning milliy xavfsizligimiz uchun muhimligini tan oladi. Afsuski, hujjat milliy xavfsizlikning muhim qoidalarini o‘z ichiga olmaydi, bizning faxriylarimiz va harbiy tariximizni xafa qiladigan, ma’muriyatning AQSH milliy xavfsizlik va tashqi siyosatdagi ustunligini ta’minlashga qaratilgan harakatlariga zid bo‘lgan fikrlarni o‘z ichiga oladi, — deyiladi bayonotda. Shuningdek Tramp bu loyihani «Xitoy va Rossiyaga sovg‘a» deb aytdi. Prezident loyihada 1996 yilda qabul qilingan «Aloqa axloq qoidalari to‘g‘risida» gi qonunning 230-moddasini bekor qiladigan bandi bo‘lmagani uchun tanqid qildi. Ushbu modda texnologiya kompaniyalarini foydalanuvchi tomonidan yaratilgan kontentni joylashtirish, olib tashlash yoki boshqa yo‘l bilan boshqarish uchun qonuniy choralardan himoya qiladi. Shuningdek, Tramp Afg‘oniston, Koreya Respublikasi va Germaniyadagi AQSH qo‘shinlari sonini qisqartirishga oid cheklovlar bilan bog‘liq bandlardan qoniqmadi. — The White House.

Isroilda yilning uchinchi lokdauni yakshanba kuni joriy etiladi

Isroilda pandemiya boshlanganidan beri uchinchi lokdaun 27-dekabr, yakshanba kuni soat 17:00 dan joriy etiladi. Karantin cheklovlari kamida ikki hafta yoki kasallanishning kunlik o‘sishi kuniga 1000 holatga kamayguncha davom etadi. Hozirda bu ko‘rsatkich 4000 ga yaqin. Yakshanba kunidan boshlab Isroilda barcha nooziq-ovqat chakana savdolarining faoliyati to‘xtatiladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri mijozlar bilan ishlamaydigan kompaniyalar o‘z faoliyatini ikki baravar qisqartirishi kerak bo‘ladi, jamoat transporti ham qisman cheklanadi. Oldingi lokdaunlardan farqli o‘laroq, bolalar bog‘chalari, shuningdek, o‘rta maktablar o‘z ishlarini davom ettiradi, ammo qisqartirilgan jadval bo‘yicha. Fuqarolar uyidan bir kilometrdan uzoqroq masofadan chiqib ketishi taqiqlanadi, faqat bolalarni maktabga olib borish yoki emlanishga borish bundan mustasno. Qarindoshlarni ko‘rgani borish ham taqiqlanadi, ammo ko‘chada sport bilan shug‘ullanish mumkin bo‘ladi. Rojdestvo ta’tillarida 24 dekabr oqshomidan 25 dekabr soat 20:00 gacha, shuningdek 6 yanvar oqshomidan 7 yanvar oqshomigacha hokimiyat diniy marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berdi. — Jerusalem Post.

Xitoyning monopoliyaga qarshi regulyatori Alibaba Group ustidan tergovni boshladi

Xitoyning bozorni tartibga solish bo‘yicha davlat idorasi Alibaba Group’ga nisbatan monopoliyaga qarshi tekshiruv boshladi. «Alibaba Group bugun kompaniyani monopoliya bilan bog‘liq faoliyatda gumon qilib tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida hukumat tomonidan xabarnoma oldi. Alibaba regulyatorlarning tekshiruvlarida faol ravishda qatnashadi. Hozirda, kompaniya odatdagidek ishlashda davom etmoqda», — deyiladi kompaniyaning Weibo’dagi postida. Alibaba Group Holding Ltd. bitimlar va boshqa qonunbuzarliklar bo‘yicha eksklyuziv bitimlar tuzishda gumon qilinmoqda. Kompaniya ustidan tergov boshlangani haqida xabar tarqalganidan so‘ng, Alibaba Group’ning Gonkong fond birjasidagi aksiyalari 8,1 foizga tushdi. — Interfaks.

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Atambayevning sog‘lig‘i yomonlashdi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining hibsxonasidan kasalxonaga o‘tkazilishi mumkin. «Atambayevning sog‘lig‘i unchalik yaxshi emas. Agar uning sog‘lig‘i yaxshilanmasa, biz uni kasalxonaga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilamiz», — dedi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining raisi Kamchibek Tashiyev. Avvalroq Atambayevning advokatlari uning qon bosimi pastligi haqida bir necha bor ta’kidlagan edi. — Interfaks.

Xitoy 350 km/soat tezlikda yuradigan yuk poyezdini ishlab chiqardi

Foto: xinhuanet.com

Tanshan lokomotiv quruvchi kompaniyasi tezligi 350 km/soatgacha ko‘tariladigan poyezdni ishlab chiqardi. Kompaniya bu poyezdning dunyoda o‘xshashlari yo‘qligini ta’kidlamoqda. Yo‘lovchi o‘q poyezdlaridan farqli o‘laroq, yuk poyezdi kengroq eshiklar bilan jihozlangan, ularning kengligi 2,9 metrni tashkil qiladi. Ta’kidlanishicha, lokomotiv shakli xitoylik turg‘un baliq shakliga o‘xshaydi, bu uning aerodinamik xususiyatlarini yaxshilaydi. Yangi poyezd modeli 600 km dan 1500 km gacha bo‘lgan masofalarga tez yetkazib berish kerak bo‘lgan yuklarni tashishda foydalaniladi. — Sinxua.