Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda savdo-sanoat palatasi (SSP) raisi Adham Ikromov “Gazeta.uz"ga O‘zbekistonda o‘rta biznes toifasini joriy etish hamda unga imtiyozlar va preferensiyalar berish to‘g‘risida izoh berdi. Adham Ikromov, shuningdek, O‘zbekiston toifalar va tarmoqlar bo‘yicha “baribir tabaqalashtirilgan QQSga kelishini” aytdi.

“Hozirgi vaziyat bilan biz hech qachon o‘rta biznesga kelmaymiz. Odamlar uchun ish joyida 25, 50, 70 kishi bo‘lishi foydali emas. Masalan, bizda hamma hunarmand bo‘lishni xohlaydi. U (hunarmand — tah.) uy uchun temir eshiklar ishlab chiqaradi, unga 20−30 kishi ishlaydi. U shunday deydi: „Men darvoza naqshini yasayman, meni hunarmand qiling“. Chunki u imtiyoz va preferensiyalarga ega, ammo u uchun 20 kishi ishlaydi va bu kichik biznes hisoblanadi”, — dedi savdo-sanoat palatasi raisi.

Ikromov o‘rta va yirik biznes tushunchalarini hamda har bir tadbirkorlik shakli uchun imtiyoz va preferensiyalarni belgilash zarurligini aytdi. Uning gaplariga ko‘ra, mamlakatda “kichik va g‘oyat kichik bizneslar soni juda ko‘p”

“Bu yaxshi, ammo bu yalpi ichki mahsulotni ko‘paytirish uchun asos emas, bu iqtisodiyotni rivojlantirish uchun asos emas, shu jumladan, bizning Jahon savdo tashkilotiga yoki YeOIIga qo‘shilishimiz bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlardagi „yaxshi“ va „yomon“ bahs-munozaralarga asos emas” — deydi Adham Ikromov.

Savdo-sanoat palatasi raisi ta’kidlaganidek, imtiyoz va preferensiyalarga ega bo‘lgan kuchli o‘rta biznessiz O‘zbekiston hech qachon boshqa mamlakatlar bilan yetarlicha raqobatlasha olmaydi.

“Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarimiz raqobatlashishda bizning hunarmandlarimizdan emas, balki o‘rta biznesimizdan qo‘rqishadi. Uyda gilam ishlab chiqarish yoki uyda pishloq va sut mahsulotlarini (juda kichik biznes) ishlab chiqarish, yoki uyda vino ishlab chiqarish bilan qo‘shni davlatlar va yirik mamlakatlar bilan raqobatlashamiz deb qo‘rqishmaydi. O‘rta biznes dunyoda raqobatdosh bo‘lishi mumkin”, — dedi u.

Unga ko‘ra, mamlakatda o‘rta biznes toifasini joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasi barcha vazirliklar bilan kelishilgan.

“Ishonchim komilki, qonun kichik biznes nima, o‘rta biznes nima, katta biznes nima degan aniq tushunchaga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, hukumat har yili yirik biznes uchun soliq bazasini tayyorlashga qodir bo‘ladi. Nima uchun Fransiyada yirik biznesga 43 foizgacha soliq solinadi? Chunki ularda shunday tizim mavjud: ular o‘ta boy odamlarga katta soliqlar soladilar, ammo o‘rta biznesga buni qilishmaydi. Kichik biznes ularda umuman soliqqa tortilmaydi”, — dedi savdo-sanoat palatasi raisi.

“Va keyin, xuddi Turkiyada bo‘lgani kabi, tibbiyot — 0 foizlik QQS, zargarlik buyumlariga — 1 foizlik, oziq-ovqat mahsulotlariga 8 foizlik QQS qo‘llaniladi. Biz bundan keyin baribir tabaqalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘iga kelamiz. Va bu mening so‘zlarim emas. Bu mamlakatimiz rahbarining so‘zlari, ular 2−3 ta selektor yig‘ilishida ushbu tashabbusni birinchi bo‘lib ilgari surgan va biz buni shunday mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlab, jahon tajribasini o‘rganishga kirishdik”, — dedi Adham Ikromov.

Palata raisining ta’kidlashicha, Iqtisodiy taraqqiyot va qambag‘allikni qisqartirish vazirligi bu borada bahs o‘tkazib, QQS bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalarni joriy etish vaqti kelmaganligini aytmoqda.

“Biz 20 foizlik QQSni talab qilganimizda, kimdir 12 foizni talab qilar edi, rahbarimiz ixtiyoriy qaror bilan uni 15 foizga tushirdi. Bu juda ijobiy qabul qilindi. Bundan tashqari, bizda QQS stavkasini toifalar, tarmoqlar bo‘yicha o‘zgartirish masalasi hali ham mavjud. Biroq Soliq qo‘mitasi ma’muriyati biznesni rivojlantirish tendensiyalari bilan hamqadam bo‘lmagani uchun biz „bir-ikki-uch“ aytib, vaziyat soyaga ketishi boshlanadi”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, QQS bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalar ilgari O‘zbekistonda amal qilgan, 2018 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilingan edi.