22 dekabr kuni O‘zbekiston, Jahon banki, Masdar kompaniyasi (BAA) va Osiyo taraqqiyot banki 100 MVt kuchga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi ilk quyosh elektrostansiyasini moliyalashtirish bo‘yicha kredit va sug‘urta shartnomalarini imzolashdi. Bu haqda Jahon bankining matbuot xizmati xabar berdi.

Stansiya O‘zbekistonda xususiy kompaniya tomonidan qurilgan va boshqariladigan energetika sohasidagi ilk katta masshtabli ob’ektga aylanadi.

Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC, Jahon banki guruhining tarkibiga kiradi) va OTB loyihani moliyalashtirish uchun 60 mln dollargacha mablag‘ ajratadi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki esa Masdar kompaniyasiga aksiyadorlik jamiyatini moliyalashtirish uchun 5,1 mln dollarlik qisqa muddatli kredit ajratadi.

Elektrostansiyani qurish va uni ekspluatatsiyani amalga oshirish ishlari bilan Nur Navoi Solar kompaniyasi shug‘ullanadi. Kompaniya Masdar’ga tegishli.

2019 yil oktyabr oyida Masdar quyosh energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston tarixidagi ilk davlat-xususiy sherikchilik tender tanlovida g‘olib bo‘ldi.

Masdar 25 yil davomida kVt/soat uchun 2,679 sent tarifida elektroenergiya bilan ta’minlash majburiyatini oldi. Bu hozirda Markaziy Osiyoda mavjud bo‘lgan eng arzon narxdagi tarifdir. Nur Navoi Solar 2046 yilgacha yuqorida ko‘rsatilgan narxda «Milliy elektr tarmoqlari» ga elektr energiyasini sotadi.