Isroil parlamenti (Knesset) 2020 yilgi davlat byudjetini tasdiqlash muddati tugagani sababli avtomat ravishda tarqatib yuborildi. Bu haqda The Times of Israil xabar bermoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning «Likud» partiyasi va mudofaa vaziri Beni Gansning «Kaxol-Lavan» partiyasi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli byudjet kelishuvlariga erishilmagan. 2020 yilning mart oyidagi saylovlardan so‘ng partiyalar rahbarlari koalitsion hukumat tuzishga kelishib oldilar, ammo keyinchalik bir-birini kelishuvlarni buzganlikda aybladilar.

Muddatidan oldin parlament saylovlari 2021 yil 23 martga rejalashtirilgan, ammo sana o‘zgarishi mumkin.

Ushbu parlament saylovlari mamlakatda so‘nggi ikki yil ichida to‘rtinchi bo‘ladi.