Hindistonning Nephroplus kompaniyasi O‘zbekistonda 4 ta dializ klinikasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur klinikalar Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida barpo etiladi va 1000 dan ortiq bemorga hayotiy muhim dializ xizmatlarini ko‘rsatadi.

Ma’lum qilinishicha, bemorlarning shaxsiy xarajatlarini talab qilmaydigan sifatli davolashni ta’minlash va infeksiya xavfini kamaytirish bo‘yicha loyihani ishlab chiqishda Xalqaro moliya korporatsiyasi Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining tranzaksion maslahatchisi sifatida ko‘mak bergan.

Loyiha, ayniqsa, qishloq joylaridan kelgan bemorlarga katta foyda keltirishi kutilmoqda, chunki Nephroplus O‘zbekistonda birinchi marta peritoneal dializ amaliyotini boshlaydi. Peritoneal dializ bemorlarga uyda dializ davolash imkoniyatini ham beradi. Shunday qilib, dializ terapiyasidan foydalanish qishloq va chekka hududlarga ham kengaytiriladi, deyiladi xabarda.