Yaponiya bosh vaziri sakkiz kishi ishtirok etgan kechki bazmda qatnashgani uchun uzr so‘radi

Yaponiya bosh vaziri Yosixide Suga 14 dekabr kuni sakkiz kishi, jumladan, hukmron Liberal-demokratik partiyaning bosh kotibi Toshixiro Nikay ishtirok etgan kechki bazmda qatnashgani uchun uzr so‘radi. «Garchi kechki ovqat qatnashchilari o‘rtasida yetarlicha masofa bo‘lgan bo‘lsa-da, men sodir bo‘lgan voqea aholi o‘rtasida tushunmovchilikni keltirib chiqarganidan chin dildan afsusdaman», — deya Suga javob berdi koronavirus tarqalishi sharoitida bunday hodisani munosib deb biladimi degan savolga. — Kyodo.

Parij meriyasi ayol rahbarlar soni ko‘pligi uchun jarimaga tortildi

Parij meriyasi ma’muriyatda rahbar lavozimlarda ayollar soni ko‘p bo‘lganligi uchun 90 ming yevro jarima to‘laydi. «Shahar rahbarlik lavozimlariga juda ko‘p ayollarni tayinlagani uchun jarima to‘lashi kerak. Rahbarlarning 69 foizini ayollar (11 kishi) va besh nafarini erkaklar tashkil etadi», — dedi Parij meri Ann Idalgo shahar kengashi yig‘ilishida. Qonunga ko‘ra, lavozimga tayinlanishda erkaklar va ayollarning nisbati kamida 60 foizga 40 foiz bo‘lishi kerak, ideal holda ularning soni teng bo‘lishi kerak. — Ann Idalgoning Twitter’dagi sahifasi.

Yevropa komissiyasi «VKontakte» va Telegram’ni «qaroqchilar ro‘yxati»ga kiritdi

Yevropa Komissiyasi (YeK) Rossiyaning «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i va Telegram messenjerini noqonuniy kontentni tarqatishni targ‘ib qiluvchi manbalar ro‘yxatiga kiritdi. Ro‘yxat 2018 yilda tuzilgan bo‘lib, to‘rtta bo‘limni o‘z ichiga oladi: litsenziyasiz (noqonuniy) kontentni taqdim etadigan yoki ularga kirishni yengillashtiradigan onlayn xizmatlar (shu jumladan «VKontakte» va Telegram), onlayn savdo maydonchalari, giyohvand moddalarni tarqatadigan onlayn dorixonalar va xizmatlar, va oflayn savdo maydonchalari. Hujjatga ko‘ra, «VKontakte» foydalanuvchilari noqonuniy filmlarni ko‘rish, shuningdek litsenziyasiz kitoblardan foydalanish imkoniyatiga ega. Hujjatda qayd etilishicha, VKontakte ham, Telegram ham ularning ro‘yxatga kiritilishiga qarshi bo‘lib, noqonuniy tarkib tarqalishiga qarshi kurashayotganlarini bildirgan. — Yevropa Komissiyasi (hujjat).

Nyu-Yorkda yangi yil bayrami masofadan turib o‘tkaziladi

Nyu-Yorkdagi Tayms-skverda an’anaviy ravishda yangi yil bayrami bu yil masofadan turib o‘tkaziladi, mehmonlar maydonga kiritilmaydi. Maydondagi bayram tadbiri tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi, ammo OAV orqali namoyish etiladi. Bayram tadbiri amalda bo‘lgan barcha epidemiologik talablarni hisobga olgan holda va tibbiyot mutaxassislari bilan maslahatlashgandan so‘ng tashkil etiladi. Tadbirning maxsus mehmonlari «2020 yil qahramonlari», ya’ni favqulodda vaziyatlar xodimlari, koronavirus bemorlari bilan ishlaydigan shifokorlar va ularning oilalari bo‘ladi. Maydonga kirishga ruxsat berilgan har bir kishi koronavirusga test topshirishi va tibbiy ko‘rikdan o‘tishi talab qilinadi. — The Hill.