Biz davlat korxonalarini xususiylashtirish zarurligini ko‘p bora ta’kidlaymiz, chunki ular samarasiz, jamiyat uchun juda qimmatga tushadi va iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ishonchim komilki, aksariyat xususiylashtirishni amalga oshirish zarur degan fikrga qo‘shilishadi, ammo menimcha, xususiylashtirishni qanday amalga oshirish kerakligi masalasi jamiyatda yetarlicha muhokama qilinmayapti.

Xususiylashtirishni qanday amalga oshirish kerak?

Sirtdan qaraganda, hammasi juda oddiy tuyuladi: biz adolatli kim oshdi savdosini uyushtiramiz, u yerga ko‘plab ishtirokchilarni taklif qilamiz va davlat mulkini hech qanday investitsiya majburiyatlari va talablarisiz eng yuqori narxni taklif qilganga sotamiz. Ammo haqiqat shundaki, xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi ma’lumot almashuvining notekisligi tufayli bunday kim oshdi savdosi kutilgan natijani bermasligi mumkin.

Keling, Siz, aziz o‘quvchimiz, juda halol odamsiz va siz davlat aktivlarini xususiylashtirish uchun javobgar etib tayinlandingiz deb faraz qilaylik. Siz hatto dunyodagi eng halol va tarbiyali odam bo‘lishingizga qaramay, qanday muammolarga duch kelishingiz mumkinligini tasvirlab beraman.

Deylik, zavod sotib olmoqchi bo‘lgan uch nafar potensial xaridor bor: Anvar, Botir va Vali. Anvar zavodni 1 million dollarga, Botir 100 ming dollarga, Vali esa 300 ming dollarga baholamoqda.


Nima uchun uch xil turli raqam? Chunki har bir tadbirkor korxonaning kelajakdagi daromadini turlicha hisoblaydi va, ehtimol, Anvar boshqa xaridorlar bilmagan qandaydir ma’lumotga ega va potensial foydani ancha yuqori baholaydi.

Xaridor Anvar bo‘lishi kerakligi tushunarli — axir, boshqalardan ko‘proq to‘lashga tayyor va bunday mulk egasi mulkini ko‘proq qadrlashi va ob’ektdan samaraliroq foydalanishi aniq.

Ammo muammo shundaki, siz, hurmatli davlat mulkining sotuvchisi, ushbu korxonani kim qancha qiymatga baholayotganligini bilmaysiz. Agar siz fikrlarni o‘qiy olganingizda edi, Anvarga ob’ektni 999999 dollarga sotgan bo‘lar edingiz va hamma xursand bo‘lar edi. Ammo Sizning halol odam ekanligingiz, lekin bashoratchi emasligingizni taxmin qilganimiz sababli, Siz kim oshdi savdosini tashkil qilasiz.

Ob’ekt qaysi narxda sotiladi?

To‘g‘ri, Anvar va Vali o‘zaro kelishishadi va «adolatli» kim oshdi savdosi natijasida ob’ekt 100 ming va 1 dollarga sotiladi. Chunki Anvar Valiga rad qilishi juda qiyin bo‘lgan taklif beradi. Vali o‘zining 300 minglik narxini aytmasligi uchun Anvar Valiga deyarli 200 ming dollar taklif qilishi mumkin. Va natijada, Valining «sukuti uchun» ular davlatning 200 ming «olinmagan» daromadini bo‘lishadilar.

Anvar va Vali uchun halol raqobatlashishdan ko‘ra, kelishuvga erishish ancha foydali — ochiq kim oshdi savdosining rag‘batlari shunaqa.

Bu o‘ylab topilgan ssenariy tez-tez amaliyotda uchrab turadi — hatto rivojlangan kapital va investitsiya bozori bo‘lgan juda rivojlangan mamlakatlarda ham. Masalan, 1990 yillarning oxirida Kommunikatsiyalar bo‘yicha AQSH Federal Komissiyasi (FCC) kim oshdi savdosida radiochastotalarni va 2G tarmoqlarini sotganida, ishtirokchilar o‘z takliflarida shifrlargan xabarlar bilan almashishgan.

Endi, Anvar va Vali o‘zaro til biriktirmasligi uchun siz kim oshdi savdosini maxfiy qilasiz deylik: potensial xaridorlar bir-birlari haqida bilishmaydi va maxfiy konvertda narx belgilaydilar, eng baland narx bergan kishi ob’ektni oladi. Bu vaziyatda xaridorlar kelisha olmaydilar (biz hali ham o‘quvchimizni halol tashkilotchi deb bilamiz).

Ammo pand yeyishimiz mumkin bo‘lgan bir holat bor: kim oshdi savdosi maxfiy ekanligini bilgan xaridorlar xato taxmin qilishlari mumkin. Anvar hech kim bu zavodni qanday qilib muvaffaqiyatli qilishni bilmaydi deb o‘ylashi mumkin va 250 ming taklif qiladi, Vali, masalan, 290 ming taklif qiladi. Shunday qilib, zavodga Vali egalik qiladi. Ehtimol — agar omadi kelsa — xariddan so‘ng Vali uni Anvarga sotadi. Natijada, davlat aniq kamroq pul oladi va yuqori ehtimol bilan eng samarali foydalanuvchi ob’ektni ololmaydi.

Gap shundaki, «maxfiy konvert usuli» garchi ishtirokchilarning til biriktirishiga yo‘l qo‘ymasa ham, ularni «fol ko‘rish»ga majbur qiladi. Ko‘rinib turibdiki, siz, o‘quvchilarning eng haloli, katta ehtimol bilan, yaxshi natijaga erisha olmaysiz.

Xo‘sh, nima uchun davlat mulkининг halol sotuvchisi bu muammoni hal qila olmaydi?

Chunki xaridorlarning mahsulot (bizning holatimizda, zavod) haqidagi bilimlari va ma’lumotlari va ularning taklif etayotgan narxlari shaxsiy ma’lumotdir. Xaridor ushbu ma’lumotni siz bilan bo‘lishishida afzallik ko‘rmaydi. Umuman olganda, kim oshdi savdolarida sotuvchi fikrlarni o‘qiy olmasligi sababli muammolardan qutilib bo‘lmaydi.

Ammo, baxtimizga, iqtisodiyot fani axborot assimetriyasi va kim oshdi savdosida sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasidagi stimullar tafovuti muammosini deyarli hal qildi. Xaridorlarning ma’lum bir ob’ektni qanchaga baholashi to‘g‘risidagi haqiqatni aytmasligida o‘z manfaati bor. Axir, agar Anvar ob’ektni millionga baholayman desa, unda u kamroq foyda oladi. Iqtisodchilar ishtirokchilarni ob’ektning haqiqiy qiymatini oshkor qilishga «majburlaydigan» bir nechta mexanizmlarni ishlab chiqishgan. Ya’ni, kim oshdi savdosining barcha xaridorlarni haqiqatni aytishga undovchi aqlli dizaynlari o‘ylab topilgan.

Masalan, «ikkinchi narx kim oshdi savdosi» (video) deb nomlangan auksionlarda xaridorlar maxfiy konvertda ob’ekt uchun to‘lamoqchi bo‘lgan narxni ko‘rsatishlari talab qilinadi va eng yuqori miqdorni taklif qilgan ob’ektni oladi va e’tibor qiling (!), uning eng yaqin ta’qibchisi taklif qilgan narxni to‘laydi.

Bunday kim oshdi savdosida xaridor berishni istagan haqiqiy narxni tushirishning hojati yo‘q, chunki g‘alaba qozongan taqdirda ham Anvar bir million to‘lamaydi, u ikkinchi eng yuqori narx — 300 mingni to‘laydi.

Ammo ikkinchi narx kim oshdi savdosining asosiy xususiyati shundaki, ishtirokchilarning hech biri narxni pasaytirishida foyda ko‘rmaydi.

Ushbu turdagi kim oshdi savdosining yana bir afzalligi shundaki, hatto oz miqdordagi moliyaviy manbaga ega xaridorlar ham bunday auksionda qatnashishdan xursand bo‘ladilar. Chunki ular katta miqdordagi manbaga ega bo‘lgan ishtirokchilar konvertdagi taxminiy miqdorni ataylab pasaytirishsa ham, unda unchalik katta bo‘lmagan summani taklif qilgan ishtirokchi ham g‘olib chiqishi mumkinligini bilishadi.

Bizning misolimizda, agar Anvar va Vali, masalan, kamroq to‘lashga umid qilib, har biri 90 mingdan taklif qilsalar, 100 ming taklif qiladigan Botir 90 mingga ob’ektni olishi mumkin. Bunday kim oshdi savdosida katta miqdorda opportunistlar ishtirok etib, o‘zlarining haqiqiy narxlarini taklif qilishadi va bunday xaridorlarga yutqazishdan qo‘rqqan yirik xaridorlar konvertga real narxni yozishga majbur bo‘lishadi.

Gipotetik kim oshdi savdosi haqida yozganimda, bu real voqealardan yiroqdek tuyulishi mumkin. Ammo jamiyat uchun yaxshi kim oshdi savdosi va yomon kim oshdi savdosi o‘rtasida juda katta farq bor. Masalan, Buyuk Britaniya mobil aloqa uchun litsenziyalarni sotayotgan paytda, kim oshdi savdosini dizayni bilan taniqli auksion nazariyachisi Pol Klemperer shug‘ullangan. Va Britaniya hukumati deyarli 39 milliard yevro yoki kishi boshiga 650 yevro foyda oldi. Shveysariyada esa hukumat kim oshdi savdolari dizayni haqida bosh qotirmadi va radiochastotalarni sotishda kishi boshiga atigi 20 yevrodan undirildi.

Ushbu muvaffaqiyatli kim oshdi savdolari tashkilotchilari Pol Klemperer va Ken Binmor o‘zlarining maqolalarida ushbu tajriba va undan olingan xulosalar bilan bo‘lishadilar. Ularning xulosalarini o‘qigach, to‘g‘ri dizayn va jamoat foydasini maksimallashtirishda kim oshdi savdosi nazariyasining qanchalik ahamiyatli ekanini tushunish mumkin. Bundan tashqari, bizning jamiyatimiz uchun to‘g‘ri va adolatli kim oshdi savdosi orqali davlat aktivlarini sotish Buyuk Britaniyadagidan ham muhimroqdir. Bizda nohaq xususiylashtirishning ko‘plab holatlari va xususiy mulkning institutsional kafolatlarining zaifligi tajribasi mavjud.

Shuning uchun, agar kim oshdi savdolarimiz puxta o‘ylanmagan bo‘lsa, birinchi navbatda, o‘zini hurmat qiluvchi va huquqiy sohada ishlovchi investorlarni qiziqtirmasligi mumkin. Bu esa ob’ektni unchalik samarali bo‘lmagan mulk egalari qo‘lga kiritishiga olib kelishi mumkin.

Ikkinchidan, agar jamiyat xususiylashtirish adolatli bo‘lmagan deb hisoblasa, hatto yangi mulk egasi ham ob’ektga yetarlicha mablag‘ sarflamaydi, chunki zaif institutlar bilan har doim xususiylashtirishni bekor qilish xavfi va boshqa oqibatlar mavjud.

Ya’ni, kim oshdi savdosining dizayni faqat davlatning sotishdan tushadigan mablag‘larini maksimal darajada oshirish yoki ob’ektni eng yaxshi mulk egasiga berish uchun emas, balki shubhali shartnomalarda ishtirok etmaydigan kompaniyalar va investorlarni jalb qilish uchun ham muhimdir.

Albatta, to‘g‘ri kim oshdi savdosi jamiyatni davlat mulkining yangi egalari uni adolatli qabul qilganligini ko‘rsatib beradi, bu oxir-oqibat yangi mulk egalariga davlat mulkiga o‘zini boyitish uchun vaqtinchalik ob’ekt sifatida emas, balki uzoq muddatli investitsiya sifatida qabul qilishlari uchun yaxshi rag‘bat bo‘ladi.

Ushbu maqoladan xulosa shuki, kim oshdi savdosi davlat mulkini sotishning eng yaxshi usuli bo‘lsada, to‘g‘ri va noto‘g‘ri dizayn o‘rtasida juda katta farq bor.

Auksionning to‘g‘ri dizayni xaridorlarni haqiqiy narxni «ochish»ga majbur qilishi va davlat mulkini eng samarali mulk egasiga taqsimlanishiga yordam berishi mumkin.

Kim oshdi savdosi politologiyasi

Yaxshi ishlab chiqilgan kim oshdi savdosining samaradorli va adolatli bo‘lishiga qaramay, ushbu bozorning aksariyat qatnashchilari ularni yoqtirmaydilar. Mamlakatimizda davlat mulkini «go‘zallik tanlovi» ga o‘xshaydigan tanlovda sotish odat tusiga kirgan — unda mansabdor shaxslar mulkni sotish va o‘tkazish, uning egasi kim bo‘lishi to‘g‘risida sub’ektiv tarzda qaror qabul qilishadi.

Shuningdek, qur’a tashlash yo‘li bilan, investitsiya majburiyatlari va hattoki ish o‘rinlarini yaratish talablari asosida ham sotuvlar ommabop hisoblanadi. Ushbu usullarning barchasi hatto eng yaxshi yaxshi bo‘lmagan odatdagi ingliz kim oshdi savdosidan ham yomonroqdir.

Xo‘sh, nega bozor ishtirokchilari kim oshdi savdosini yoqtirmaydilar? Agar biz yaxshi kim oshdi savdosini o‘tkaza olsak, u holda xaridorlar, ya’ni kim oshdi savdosi ishtirokchilari uchun auksionlar foydali bo‘lmaydi, chunki ular xususiylashtirishning boshqa usulidagidan ko‘ra ko‘proq pul to‘lashlari kerak.

Masalan, Shveysariyadagi radiochastota xaridorlari, Buyuk Britaniyada chastotalarni sotib olganlarga qaraganda o‘zlarini ancha yaxshiroq his qilgan bo‘lishsa kerak.

Xuddi shu narsa mulk sotadigan mansabdor shaxslar uchun ham amal qiladi: agar mol-mulk yaxshi ishlab chiqilgan dizayn orqali sotilsa, u holda ularda korrupsiya sxemalari uchun imkoniyatlar juda kam bo‘ladi.

Shu sababli, davlat mulkini sotadiganlar ham, sotib oluvchilar ham, afsuski, kim oshdi savdosidan voz kechish yoki «to‘g‘ri» kim oshdi savdolaridan voz kechish uchun bir xil stimulga ega bo‘lishlari mumkin.

Odil, halol va eng muhimi, to‘g‘ri kim oshdi savdosidan yagona foyda oluvchilar byudjet va soliq to‘lovchilardir.

Maqbul kim oshdi savdosining batafsil tavsifi uchun siz Nobel mukofoti egalari Mayerson, Maskin, Xurvits va bu yilgi ikki nafar Nobel mukofoti sovrindori — Milgorm va Uilsonlarning (maqola rus tilida) ishlarini o‘qishingiz mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Behzod Hoshimov — iqtisodchi, Medisondagi (AQSH) Viskonsin universiteti biznes-maktabining doktoranti. 2016 yil may oyidan buyon Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi bo‘lib ishlaydi. Viskonsin universitetining iqtisodiyot magistri va Nanyang texnologik universitetining (Singapur) matematika bakalavri darajasiga ega.