Google xodimlari 2021 yilning sentyabr oyigacha uydan turib ishlaydi

Google kompaniyasi koronavirus tarqalishi sababli xodimlarning ofislarga ishlashga qaytishini 2021 yilning iyulidan sentyabrigacha kechiktirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya «moslashuvchan ish haftasi»ni sinovdan o‘tkazmoqchi, bu kompaniya binosida haftasiga kamida uch kun ishlashni o‘z ichiga olishini anglatadi. «Biz moslashuvchan ish modellari samaradorlikni, hamkorlik va farovonlikni oshirishga olib keladi, degan g‘oyani sinovdan o‘tkazmoqdamiz», — dedi kompaniya direktori Sundar Pichai. Uning gaplariga ko‘ra, bu paytgacha biron bir yirik kompaniya hali to‘liq gibrid ish modelini yaratmagan. — NBC.

Fransiyada iqlimni muhofaza qilish to‘g‘risidagi moddani Konstitutsiyaga kiritish uchun referendum o‘tkaziladi

Fransiyada konstitutsiyaga iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha yangi majburiyatlarni kiritish uchun referendum o‘tkaziladi. «Biz biologik xilma-xillik, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi muammosini hal qilish g‘oyalariga taalluqli konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishimiz kerak. Ushbu masala juda murakkab, ammo biz 10, 15, 20 yil oldinga qarashimiz kerak», — deydi mamlakat prezidenti Makron. Bu masala Milliy majlis, so‘ngra Senat orqali o‘tib, keyin esa referendum yo‘li bilan hal bo‘lishi ta’kidlandi. Makron Fransiya o‘z iqtisodiy modelida ekologiyaga ko‘proq joy berishi kerakligini qo‘shimcha qildi. Referendumning 2021 yilda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. — BFMTV.

AQSH Turkiyaning mudofaa sanoati idorasiga qarshi sanksiyalar joriy qildi

AQSH hukumati «davlat raqiblariga qarshi sanksiyalar bilan kurashish to‘g‘risidagi qonun» (CAATSA) doirasida Turkiya mudofaa sanoati boshqarmasi, uning rahbari Ismoil Demir va Turkiyaning yana uch fuqarosi — Faruk Yigit, Mustafo Alper Deniz va Serhat Gencho‘g‘liga cheklovlar qo‘ydi. Faruk Yigit bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari, qolgan ikkitasi esa havo hujumidan mudofaa bilan bog‘liq ixtisoslashtirilgan bo‘limlarning boshliqlari. Ta’kidlanishicha, sanksiyalar CAATSA doirasida ko‘zda tutilgan beshta bandga nisbatan qo‘llanilgan. Viza sanksiyalari va bo‘limning ro‘yxatdagi vakillarining aktivlarini muzlatishdan tashqari, AQSH eksport litsenziyalari hamda har qanday tovarlar va texnologiyalarni Turkiya mudofaa sanoatiga o‘tkazish uchun ruxsatnomalar berishga ham taqiq o‘rnatilgan. AQSH moliya institutlariga ushbu bo‘lim uchun yiliga 10 million dollardan oshadigan kreditlar berish taqiqlanadi. AQSH eksport-import bankining menejment maqsadida eksportga yordam berishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, AQSH xalqaro moliya institutlari tomonidan Turkiya mudofaa sanoatidan foyda ko‘rgan kreditlar berilishiga qarshilik ko‘rsatadi. — AQSH hukumatining rasmiy sayti.

Pandemiya boshlanganidan buyon BMT bosh kotibi birinchi tashrifni amalga oshiradi

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 16 dekabr kuni Germaniyaga tashrif buyuradi, bu uning mart oyining boshidan beri birinchi rasmiy tashrifi bo‘ladi. «Bosh kotib chorshanba kuni Berlinga jo‘nab ketadi. U juma kuni ertalab Germaniya parlamentida nutq so‘zlaydi va kansler Angela Merkel, prezident Frank-Valter Shtaynmayer va tashqi ishlar vaziri Xayko Maas bilan uchrashadi», — deydi BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik. Ma’lumotlarga ko‘ra, Guterrish an’anaviy ravishda, ya’ni tijorat reysi bilan safar qiladi. Bosh kotib va uning delegatsiyasi a’zolari parvozdan oldin koronavirusga test topshirishadi. Ular Nyu-Yorkga qaytganlaridan so‘ng yana bir bor koronavirusga test topshirib, uch kunlik karantinga olinadi. — TASS.

Yaponiyaliklar 2021 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga qarshi chiqishmoqda

Yaponiya aholisi 2021 yilda Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya oyinlariga qarshi chiqishmoqda. Respondentlarning 27 foizi o‘yinlarni yoqlamoqda, deyarli uchdan biri (32 foiz) qarshi chiqishmoqda, qolgan 31 foizi esa Olimpiada boshqa vaqtga o‘tkazilishi kerak deb hisoblaydi. Mazkur so‘rovnoma 11−13 dekabr kunlari 2,1 ming kishi (18 yoshdan katta) orasida o‘tkazildi. — NHK.