Davlat dumasi deputatlari Rossiya Federatsiyasi sobiq prezidentlarining dahlsizligini kafolatlovchi qonunni qabul qilishdi, deya xabar berdi TJournal.

Hujjatga ko‘ra, «O‘z lavozimini tark etgan RF prezidenti va uning oilasi kafolatlari» to‘g‘risidagi federal qonunning uchinchi bandiga o‘zgarish kiritildi. Ushbu o‘zgarish sobiq prezidentning jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilmasligini, uni hibsda ushlab turish, so‘roq qilish, tintuv o‘tkazish kabi choralarni qo‘llamaslikni kafolatlaydi. Bu shuningdek, uning barcha mol-mulki, hujjatlari, yuki va yozishmalarigacha amal qiladi.

Hujjatning oldingi tahririga ko‘ra, sobiq prezidentni faqat o‘z vakolatini egallab turgan muddati davomidagi faoliyati uchun jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emas edi.

Qonunga ko‘ra, sobiq prezident duma tomonidan davlatga xiyonatda ayblansagina, undan dahlsizlik huquqi olib tashlanishi mumkin.

Sobiq prezidentlarning daxlsizligini kafolatlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi 5 noyabr kuni Davlat Dumasiga taqdim etilgan edi. Davlat Dumasi hujjatni birinchi ko‘rib chiqishdayoq, 17 noyabr kuni qabul qildi.