Prezidentning 7 dekabrdagi «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori [PQ-4913] qabul qilindi. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, mazkur hujjat bilan «Davlat funksiyalari — biznes uchun imkoniyat» loyihasi amalga oshiriladi.

Loyihaga muvofiq, davlat boshqaruvi sohasiga xususiy sektorni jalb qilishning dastlabki yo‘nalishlari belgilanmoqda. Davlat funksiyalarini autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish va boshqa usullar orqali bosqichma-bosqich xususiy sektorga berish ko‘zlanmoqda.

Shu qatorda, 2020 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi instituti joriy etilgan bo‘lib, u 2022 yil 31 dekabrga qadar amal qiladi.

Mazkur tajriba-sinov doirasida:

  • 2021 yil 1 apreldan Kadastr agentligi tomonidan beriladigan malaka shahodatnomasiga ega ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandislariga, shu jumladan ko‘chmas mulk ob’ektlariga birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash huquqi beriladi;
  • kadastr yig‘majildini, jumladan birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash jarayonlari maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi va agentlik tomonidan monitoringi yuritiladi;
  • kadastr muhandisi faoliyatini yuridik shaxslar bilan mehnat shartnomasini tuzib yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida amalga oshiradi;
  • kadastr yig‘majildini tayyorlash bo‘yicha xizmatlar uchun narxlar tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Bunda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan minimal stavkalardan kam bo‘lmasligi talab etiladi. Kelib tushadigan mablag‘lar esa to‘liq uning tasarrufida qoladi.

Bundan tashqari, qaror bilan 2021 yil 1 martdan tadbirkorlarga og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha jami 14 ta statsionar shoxobcha o‘rnatilishini tashkil etish huquqi berilmoqda. Statsionar shoxobchalar o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlarga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.

Auksion savdolariga qo‘yish uchun statsionar shoxobchalar o‘rnatiladigan joylarning boshlang‘ich narxi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartib asosida aniqlanadi. Joylarning dislokatsiyasi va mazkur hududdagi transport oqimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar «E-IJRO AUKSION» tizimidagi alohida veb-sahifada e’lon qilinadi.

Savdolarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan tadbirkorlarga shoxobchalar o‘rnatiladigan joylar cheklanmagan muddatga va boshqlarga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi. Shoxobchalarning texnik ekspluatatsiyasi va uzluksiz ishlashini ta’minlash, elektr energiyasi harajatlarini qoplash tadbirkorlarga yuklatiladi.

Og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalardan ajratmalar Hukumat tomonidan belgilangan tartibda taqsimlanadi.