Germaniyada COVID-19ga qarshi emlanish bepul va ixtiyoriy bo‘ladi

Germaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Oliver Evald koronavirusga qarshi emlanish bepul bo‘lishini aytdi. «Vaksina kimning qanday sug‘urtasi bo‘lishidan qat’i nazar, bepul bo‘ladi», — dedi u. Evaldning gaplariga ko‘ra, butun Yevropa Ittifoqi 300 mln doza sotib olmoqchi. — Interfaks.

Moldova parlamenti prezident vakolatlarini qisqartirdi va rus tili maqomini oshirdi

Moldova parlamenti respublikada rus tilining maqomini ko‘tarish, Rossiya telekanallarini efirga uzatishni taqiqlashni bekor qilish, Gagauz avtonomiyasining maqomini kuchaytirish va boshqa masalalar bo‘yicha qonun loyihalarini ma’qulladi. Shuningdek, deputatlar Axborot va xavfsizlik xizmati prezident bo‘ysunuvidan chiqishini ma’qulladi. Ushbu qaror saylangan prezident Mayya Sanduning tanqidiga sabab bo‘ldi. — TASS.

Pfizer yil oxiriga qadar vaksinalarning yarmini ishlab chiqara oladi

Joriy yilning oxiriga qadar Pfizer kerakli moddalar bilan bog‘liq muammolar tufayli rejalashtirilgan 100 million o‘rniga 50 million dozada koronavirus vaksinasini ishlab chiqarishi mumkin. «Biz kechikdik. Ayrim moddalar jo‘natmalari, ma’lum bo‘lishicha, bizning standartlarimizga javob bermadi. Biz bu muammoni hal qildik, ammo bu yilgi yetkazib berish rejasini bajarish uchun yetarlicha vaqtimiz bo‘lmaydi», — deyiladi bayonotda. — The Wall Street Journal.

Isroil rasmiylari Eron bilan chegaradosh mamlakatlarda hujumlar xavfi haqida ogohlantirmoqda

Isroil Milliy xavfsizlik kengashi shtabi Eron bilan chegaradosh mamlakatlarda isroilliklar va Isroil nishonlariga qarshi hujumlar kuchayishi haqida ogohlantirdi. Bunday mamlakatlar orasida Ozarbayjon, Gruziya, Iroqning bir qator hududlari, Turkiya, shuningdek, BAA va Bahrayn bor. «Yaqinda Eron tomonidan bildirilgan tahdidlarni inobatga olgan holda, shuningdek, o‘tmishda eronliklarning turli mamlakatlarda sodir bo‘lgan terroristik hujumlarga aloqadorligini hisobga olgan holda, Eron Isroil nishonlariga qarshi shu tarzda harakat qilishi xavfi bor», — deyiladi bayonotda. — TASS.