Adliya hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan «Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga muvofiq, pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlanadi hamda uni majburiy mehnatga jalb qilgan shaxslar javobgarlikka tortiladi.

Pedagoglarning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Qonun loyihasi qabul qilinsa, davlat ta’lim tashkiloti pedagog xodimining bazaviy lavozim maoshi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan [2 230 000 co‘m — tahr.] kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilanadi.

Bundan tashqagri, chet tili va fanlarni bilish bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega shu bo‘yicha ta’lim beruvchi pedagoglarga, bazaviy lavozim maoshining [BLM] 50 foizi miqdorida har oylik ustamalar to‘lanishi kutilmoqda.

Ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga BLMga quyidagi miqdorlarda har oylik ustama to‘lanadi:

  • PhD yoki unga tenglashtirilgan darajalar, dotsent ilmiy unvoniga ega shaxslar uchun — kamida BLMning 30 foizi;
  • Doctor of Science yoki unga tenglashtirilgan daraja, professor ilmiy unvoniga ega shaxslar uchun — kamida BLMning 60 foizi.

Malaka toifasiga ega pedagog xodimlarga quyidagicha bazaviy lavozim maoshi miqdorlarida har oylik ustama to‘lanadi:

  • ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi) uchun — kamida 20 foizi;
  • birinchi malaka toifasi (yetakchi o‘qituvchi lavozimi) uchun — kamida 30 foizi;
  • oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi) uchun — kamida 50 foizi.

Xodimga 56 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til, shuningdek, ta’til berilganida, kalendar yilida bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam berilishi mumkin. Bundan tashqari, pedagoglarning pensiya yoshi besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olishi belgilanishi mumkin.

Qonun loyihasiga ko‘ra, pedagog xodimning ta’lim sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun har oylik bazaviy lavozim maoshiga ustamalar ish stajiga mutanosib ravishda to‘lanadi:

  • 5 yildan 10 yilgacha — bazaviy lavozim maoshining 15 foizi;
  • 10 yildan 20 yilgacha — bazaviy lavozim maoshining 30 foizi;
  • 20 yil va undan ortig‘iga — bazaviy lavozim maoshining 40 foizi.

Shuningdek, qonun loyihasi qabul qilinsa, pedagoglar kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlanadi va 15 yil ish stajiga ega xodimga yilda bir marta tibbiy xulosaga asosan davlat sog‘lomlashtirish muassasalarida sog‘lig‘ini tiklash uchun bepul yo‘llanma berish kafolatlanadi.

Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodim — kirish test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida va qabul parametrlaridan tashqari OTMning pedagogika yo‘nalishiga [sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakli] suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi 13 dekabrga qadar davom etadi.