BMT ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi va uning qurbonlariga ko‘maklashuvchi ayollar tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 25 million dollar ajratadi. Bu haqda BMTning yangiliklar xizmati xabar berdi.

BMT bosh kotibining insonparvarlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mark Lokokning ma’lum qilishicha, Favqulodda vaziyatlarga javob markaziy jamg‘armasidan ayollar va qizlarga qaratilgan zo‘ravonlikka qarshi kurashib, zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatayotgan ayollar tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashga 25 mln dollar ajratilishini ma’lum qildi.

Mablag‘lar «BMT-ayollar» va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi hisobiga o‘tkazib beriladi. Ular esa ayollar tashkilotlari bilan bevosita ishlab, ularga moliyaviy yordam ko‘rsatadi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish avvalroq barcha mamlakatlarni ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashishga chaqirgan edi. Ayniqsa koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan karantin vaqtida butun dunyoda oilaviy zo‘ravonlik holatlari soni oshgani, bunga ko‘plab ayollarning zo‘ravon bilan to‘rt devor ortida qolib ketgani sabab bo‘lganini ta’kidlagan edi.

Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni yo‘q qilish kuni munosabati bilan BMT an’anaviy ravishda 16 kunlik faollik aksiyasini o‘tkazadi. Dunyo bo‘ylab mashhur binolar va yodgorliklar kampaniyaning rasmiy rangi — to‘q sariq rangda yoritiladi.

Tojikistonda taniqli yosh videoblogerlar ishtirokidagi onlayn flesh-mob, Albaniyada ayollar tashkilotlari uchun o‘zini himoya qilish bo‘yicha master-klasslar, Panamada esa mintaqa vakillari ishtirokida yuqori darajadagi virtual tadbir bo‘lib o‘tadi.