24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “2021-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihada 2021-yilda davlat byudjeti daromadlari 147 trln so‘m [YAIMga nisbatan 21,3 foiz] darajasida bo‘lishi, harajatlar esa 165,7 trln so‘mni tashkil etishi qayd etilgan. Bu 2020 yilga nisbatan 24 foizga ko‘p. Ma’lum qilinishicha, davlat byudjet xarajatlarining yarmidan ortig‘i ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, hujjat bilan byudjet sohasiga oid qator o‘zgartirishlar ham nazarda tutilgan.

Xususan, loyihaning 2-moddasi bilan koronavirus pandemiyasi davrida birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun respublika byudjetidan ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga ajratiladigan mablag‘larni boshqa birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish vakolati Vazirlar Mahkamasiga berilmoqda.

Qonun loyihasidagi mazkur vakolat yuzasidan Hisob palatasi o‘zining taklif va tafsiyalar ini bildirib o‘tgan. Unda Vazirlar Mahkamasiga berilayotgan mazkur vakolat maqsadga muvofiq emasligi aytilgan.

“Ushbu vakolat Byudjet kodeksining 145-moddasi bilan O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining xarajatlar yoyilmasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha belgilangan tartibga zid”, — deyiladi hisobotda.

Byudjet kodeksining 145-moddasi da birinchi taqsimlovchiga ajratilgan mablag‘larni boshqa birinchi darajali taqsimlovchiga o‘tkazish 10 va ortiq undan ortiq foizi miqdorda Oliy Majlis palatalari tomonidan, 10 foizdan kam miqdorda Moliya vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Hisob palatasi pandemiya sababli global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni ko‘rish nafaqat Vazirlar Mahkamasi, balki davlatning barcha tuzilmalarini birinchi darajali vazifasi hisoblanishini qayd etgan.

Bundan tashqari, palata loyihaning 2-moddasi, uchinchi xatboshisida ko‘zda tutilgan sohani rivojlantirish dasturlarini respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdori doirasida shakllantirish taklifi birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘larini ushbu dasturlarni amalga oshirish uchun jalb qilish imkoniyatini cheklab qo‘yishini ma’lum qilgan.

Byudjet kodeksining 122-moddasiга muvofiq, byudjet tashkilotlari yuridik majburiyatlarni byudjetdan ajratiladigan va byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari doirasida qabul qilishi belgilangan. Shunga ko‘ra, moliyaviy majburiyatlar ushbu yuridik majburiyatlar doirasida qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

“Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, Qonun loyihasining 2-moddasi, uchinchi xatboshisida ko‘zda tutilgan taklifdan ko‘zlanayotgan maqsadni aniqlashtirish xamda ushbu taklifni Byudjet kodeksiga muvofiq qayta ko‘rib chiqish lozim”, — deya qayd etilgan Hisob palatasi hisobotida.