Demokratlar partiyasi nomzodi Jo Bayden 2020 yilgi AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan edi. Bo‘lib o‘tgan saylovda mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortayotgan AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp, mamlakatda hokimiyatni yangi ma’muriyatga o‘tkazish uchun rasmiy jarayonni boshlashni buyurdi. Bu xaqida u o‘z Tvitter sahifasida e’lon qildi.


«Men Emili Myorfiga (AQSH Umumiy xizmatlar ma’muriyati — General Services Administration) minnatdorlik bildirmoqchiman. U oxirgi vaqtlarda tahdid va qo‘polliklar girdobida qoldi. U va oilasiga, shuningdek, xizmat xodimlariga yomonlik qilishlarini istamayman. Bizning ishlar yomon ketmayapti va shu ruhda davom etishimiz, kurashishimiz kerak. Biz g‘olib bo‘lishimizga ishonaman. Mamlakat manfaati uchun Emiliga kerakli ishlarni boshlashini aytmoqchiman (hukumatni topshirish masalasi nazarda tutilmoqda). O‘z jamoamga ham shunday qilishni ko‘rsatma berdim», — deb yozdi Tramp o‘z sahifasida.

Federal Umumiy Xizmatlar Agentligi (GSA) rahbari Myorfi tomonidan saylovlardan deyarli uch hafta o‘tgach Jo Bayden shtabiga yuborilgan qisqa xat, AQSH ma’muriyati uning g‘alabasini tan olishga tayyor ekanligining birinchi dalili sifatida qaraldi.

«So‘nggi voqealarni, shu jumladan sud qarorlarini va saylov natijalari rasmiy ravishda tasdiqlanganligini (shtatlar tomonidan — Bi-bi-si) hisobga olgan holda, siz saylovlardan so‘ng taqdim etiladigan manbalar va xizmatlardan foydalanishingiz mumkin degan qarorga keldim», — dedi Jo Baydenga shaxsiy murojaatida GSA rahbari Emili Myorfi.