20 noyabr kuni Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi kutubxona ochilish marosimiga maktab o‘quvchilari yupun kiyimlarda olib chiqilganligi va o‘sha kuni havo harorati -2 darajadan -11 darajagacha sovuq bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.

Ushbu holat yuzasidan Baxmal tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, ochilish marosimiga tuman hokimi ishtirokchi sifatida taklif etilgan. Hokim yosh bolalarni sovuq kunda yupun kiyinganligiga tadbirga tashrif buyurganidan keyin guvoh bo‘lgan. Sovuq havo bois ochilish marosimi tashqarida taxminan 5−6 daqiqa davom etganligi aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, sur’atdagi o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan suhbat jarayonida mazkur holatda farzandlarining uzoq vaqt tashqarida qolib ketmaganligi sababli bunga e’tirozlari yo‘q ekanligi bildirilgan.

Tadbir tashkilotchilariga bundan keyin har qanday tadbirlarni o‘tkazishda yanada mas’uliyatli va e’tiborli bo‘lishlari yuzasidan ogohlantirish berildi hamda qonuniy tartibda chora ko‘riladigan bo‘ldi.