«O‘zavtosanoat» tizimidagi avtotransport ishlab chiqaruvchilari tomonidan 2020 yil davomida yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun belgilangan yig‘imlar hozirgacha to‘lanmagan. Bu haqda 2021 yil uchun Byudjetnoma bo‘yicha xulosasida ma’lum qilindi.

Hisob palatasining ta’kidlashicha, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanishi qayd etilgan. «O‘zavtosanoat» ma’lum qilishicha, ushbu 3 foizlik yig‘im avtomashinalar narxiga kiritilgan, natijada xaridorlar avtomashinani sotib olganda ushbu yig‘imni to‘lashadi.

Hisob palatasining ma’lum qilishicha, «O‘zavtosanoat» tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan 2020 yil davomida ushbu yig‘im to‘lanmasdan kelinmoqda.

«Ma’lumot uchun: UzAuto Motors AJ tomonidan 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida 582,6 milliard so‘m yig‘im to‘lanmagan», — deyiladi hisobotda.

Shu bois Hisob palatasi «O‘zavtosanoat» AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilarni yig‘im to‘lashdan ozod etishni belgilovchi imtiyozni qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlagan.