Davlat rahbarining 2019 yil 27 maydagi [PF-5729-sonli] farmoniga asosan «O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi Qonunning yangi loyihasi Moliya Vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Oliy Majlis qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, mazkur hujjat davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xaridlar jarayonini soddalashtirish va raqamlashtirish, korrupsiya holatlarini bartaraf etish, shuningdek, davlat xaridlari tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilash va ular ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Xabarda yangi qonun loyihasida demokratik prinsiplarga asoslangan bir qator ijobiy takliflar ilgari surilayotgani aytilmoqda.

«„Olmaliq KMK“ AJ, „O‘zbekneftgaz“ AJ, „O‘zbekiston temir yo‘llari“ AJ va Uzbekistan Airways AJ kabi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 24 ta yirik xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar xaridlari ham endi qonunga muvofiq belgilangan tartib asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Ma’lumot uchun, ushbu strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar tomonidan 2019 yilda qariyb 47,6 trln so‘mlik yoki YAIMning 9,3 foiziga teng davlat xaridlari amalga oshirilgan. Bu esa o‘tgan yilgi jami davlat xaridlarining 48 foiziga teng», — deya ta’kidladi deputat.

Amaldagi qonunchilikка muvofiq, korporativ buyurtmachilar sifatida davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda ular 50% dan ortiq ulushga ega bo‘lgan yuridik shaxslar belgilangan. Lekin amaliyotda ushbu tashkilotlar tomonidan «nabira» tashkilotlar yoki ulushlar yig‘indisi sifatidagi tashkilotlar tashkil etish holatlari kuzatilmoqda. Misol uchun, «O‘zavtosanoat» AJ 100% davlat ulushiga ega yuridik shaxs va o‘z navbatida, jamiyat «O‘zavtokomponents» MCHJda 100% ulushga ega. «O‘zavtokomponents» MCHJ esa «UzAutoMotors»ga ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi Uzsungwoo MCHJ, Uz-Koram kompani MCHJ va «Avtooyna» MCHJ kabi bir qator korxonlarada ulushga [50% dan ortiq] ega. Lekin amaldagi tartibga ko‘ra, bu kabi davlat ulushiga ega «nabira» korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan xaridlar ustidan nazorat o‘rnatish imkoni yo‘q, natijada bu korxonalar xaridlarlarida korrupsiyani rivojlanishiga hamda asli davlatniki bo‘lgan mablag‘larning osonlikcha talon-taroj qilinishiga imkoniyat qoldirmoqda.

Shu sabab, yangi qonun loyihasida davlat ulushi bevosita yoki bilvosita 50% dan ortiq bo‘lgan barcha turdagi korxonalar ham endi davlat, korporativ buyurtmachi sifatida belgilash ko‘zda tutilmoqda.

«Amaldagi qonunga muvofiq hozirda xaridlarning faqatgina 2 ta turi [elektron do‘kon va auksion’ elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa, yangi qonun loyihasida davlat xaridlarini amalga oshirishning barcha turlari, shu jumladan, tender, eng yaxshi takliflarni tanlash savdolari o‘rnatilgan tartibda elektron shaklda amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu esa xaridlarda inson omili ishtirokini qisqartirishga imkon yaratadi», — dedi Doniyor G‘aniyev.

Davlat xaridlarida ishtirok etayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining asl egalari kimligiga oid ma’lumotlar jamoatchilikdan yashirilishi sohadagi yana bir asosiy muammolardan hisoblanadi. Shu bois yangi qonun loyihasida yanada shaffoflikni ta’minlash va korrupsion holatlarni bartaraf etish maqsadida benefitsiar mulkdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqlanishi belgilanmoqda.

Aksariyat davlat buyurtmachilarining e’tirozlaridan kelib chiqib, xaridlarni amalga oshirish muddatlari qisqartirilmoqda [masalan, elektron bozor 48 soatdan bir ish kuniga, auksionlar kamida o‘n kunlik talabdan kamida besh kunga].

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlardan keng jamoatchilikning erkin foydalanish imkoniyati yaratish maqsadida davlat xaridlariga oid barcha ma’lumotlarni jamlash, tahlil qilish va monitoring yuritish imkoni beruvchi maxsus axborot порtaлининг yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Portalda davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtiriladi.

Bundan tashqari, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat xaridi sub’ektlari va ularning mansabdor shaxslariga javobgarlik belgilash maqsadida MJT Kodeksning tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish parlament nazorati rolini oshirish maqsadida amalga oshirilgan barcha davlat xaridlari ustidan Hisob palatasi tomonidan auditdan o‘tkaziladi. Uning natijalari yil yakuni bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi hamda ochiq axborot manbalarda e’lon qilib boriladi.

«Hozirda Qonun loyihasi fraksiyalar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda hamda palataning navbatdagi yalpi yig‘ilishida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan muhokama qilinishi kutilmoqda», — deyiladi deputat xabarida.