Ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Facebook`da Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga tegishli bo‘lgan audio tarqaldi. Unda hokim Marhamat tumaniga borgani va uch nafar ayol kishini 15 sutkaga qamatganini aytgan. Bundan tashqari, matbuot anjumanida hokim jurnalistlarga do‘q-po‘pisa qilgani ham audioda aks etgan.

Andijon viloyati hokimining aytishicha, jurnalistlar bilan matbuot anjumani uyushtirilgan, 50 ta tashkilot vakili o‘rniga, hokim o‘zi savol javob qilishini ta’kidlagan.

«Men bilan savol-javob qilish deyapman. Men javob beraman, bular hammasi meni topshirig‘imni bajargan. Nima savoling bo‘lsa ber, ikki yarim soat gapirudim, savol berisholmadi bittasi ham. Endi dedim, qizig‘i chiqmay qoladi, dedim. Bir ikkita savol berib qo‘yilar dedim, sal. «Qichiq» savol bergisi keldi. So‘zimni boshida aytib qo‘ydim: «Eshitishib ol, Toshkentdan kelgan bo‘lsang ham, qayerdan kelgan bo‘lsang ham, men ishlaydigan hokimman», dedim. «Hamma narsamni, sog‘lig‘imni ham tikib qo‘yayapman», dedim. «Menga qichiq savol berishmagin», dedim. «Normalniy» savol ber, normalniy gaplashamiz, dedim. «Agar qitig‘imga tegsang, men qo‘yvoraman», dedim. «Qattiqroq gapirib yuboraman, ertaga hammayoq sensatsiya bo‘lib ketadi. Normalniy, sog‘ odamga o‘xshab gaplash men bilan», dedim.

Baribir ularniki qo‘zib turadi-yu, aylantirib keludi bir-ikkitasi, tarsillatib urib qo‘yganimdan keyin hech narsa deyolmasdan uyoqqa borib, boshqa familiya bilan bir narsalar chiqarib yotibdi. E, erkakmisan, hezalak, o‘zingni nomingdan yoz! Hasanboy kelib qatnashyapti meni oldimda, uyoqqa borib Husanboyning nomidan chiqarishyapti", — degan viloyat hokimi.

Shuningdek, audio davomida yana bir mavzu bo‘yicha ham Shuhrat Abdurahmonovning gaplari eshitiladi. Unda hokim Marhamat tumaniga borganida, «prezident vakiliga sassiq gapirgani» uchun uch nafar ayol kishini qamatganini ta’kidlaydi.

«Charchab chiqsam, 5−6 ta odam qabulda turgan ekan, qabul qilmayman, dedim. Keyin ular rosa shallaqilik qildi o‘sha yerda. Mana hozir shunaqa «milыy» bo‘lib o‘tirishibdi 15 sutkaga qamatib qo‘yganimdan. Kechaginda Marhamatda yig‘ilish qilib chiqsam, tashqarida bittasi baqirayapti. Men yig‘ilish qilayapman. Chiqsam, beshta shallaqi. Ikkitasi nogiron, uchtasi anaqa. Nogironga tegmadim, uchovini tiqib qo‘ydim 15 sutkaga. Ana, marhamatliklar bo‘lsa aytsin: shunaqa jimjit bo‘lib qoldi Marhamat ham.

Marhamatga kelganda yuragim bezillardi. 5−6 ta xotin dastidan. Tiqib qo‘ydim oborib. Og‘ziga kegan hamma narsani gapiraveradimi? Og‘ziga zeb beruvdi. Shart hujjat qildirdim, olib kirittirib qo‘ydim. Viloyat hokimiga, prezident vakiliga sassiq gapirgani uchun. Davlat bor, Xudoga shukr", — degan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov.

Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

«Mazkur audioyozuv Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovga tegishli ekanligi, ammo ushbu audioyozuv bundan ikki yil muqaddam yozib olinganligi ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari audioyozuvda viloyat hokimining bildirgan fikrida barcha OAV vakillariga emas, aksincha ayrim noxolis OAV xodimlariga nisbatan aytilganligini bilish mumkin», — deyiladi xabarda.

«Gazeta.uz» yuqorida keltirilgan holatlar, jumladan, 15 sutkaga qamatilgan uch nafar ayol taqdiri haqida O‘zbekiston Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komisssiyasi raisi nomiga, jurnalistlarga qilingan do‘q-po‘pisa yuzasidan prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentiligiga so‘rov yubordi.