Rossiyalik taniqli reper va bastakor Alisher Morgenshtern 18 oktyabr kuni Instagram sahifasida o‘zining Mercedes-Benz E200 avtomobili uchun tanlov e’lon qilgan edi. Unda buxorolik Azim Abdullayev g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

O‘shanda Morgenshtern buxorolik g‘olib yigit bilan bog‘langan va avtomobilni shaxsan o‘zi yetkazib berishini aytgan edi. Reper O‘zbekistonda bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan harajatlar haqida xabar topgach, o‘z Stories`ida videoxabar qoldirgan.

«O‘zbekistonda mashina uchun bojxona to‘lovi qancha ekanini bilasizmi? Mashina narxiga teng ekan», — dedi Morgenshtern.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri efir vaqtida u mashinani yetkazib berishda yordam kerakligi haqida ham gapirgan. «Biz shov-shuv ko‘tarib boramiz va mashinani hamyurtingizga topshiramiz. Sizlar ham bizga peshvoz chiqing», — degan Morgenshtern.

Musiqachi Yuriy Dudga bergan интервьюсida Mercedes-Benz`ni g‘olibga yetkazish uchun 2 mln rubl to‘lashi zarurligini ma’lum qilgan.

Mercedes-Benz avtomobilining yana boshqa nomi «Merin» bo‘lib, Morgenshtern o‘z kompozitsiyalaridan birini ushbu mashinaga bag‘ishlagan (unda haqoratli so‘zlardan ko‘p marotaba foydalanilgan). Qo‘shiq Youtube`da e’lon qilingach, tez fursatlarda 80 mln martadan ko‘proq ko‘rilgan. Morgenshtern avtomobil uchun taxminan 4 mln rubl (51 ming AQSH dollari) sarflagan.

Davlat bojxona qo‘mitasi Kun.uz`ga ushbu avtomobilning O‘zbekistonga kirib kelishi uchun qancha to‘lov amalga oshirilishi lozimligini ma’lum qildi.

«Murojaatingizda ko‘rsatib o‘tilgan avtotransport vositasi TIF TNga muvofiq 8703 23 198 1 kodi bilan tasniflangan taqdirda, amaldagi qonun hujjatlariga asosan bojxona qiymatidan 30 foiz hamda dvigatel hajmining har bir sm3 uchun 2,5 AQSH dollari miqdorda import boji, 15 foiz miqdorda QQS, bojxona qiymatidan 0,2 foiz bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im, BHMning 120 barovari miqdorida utilizatsiya yig‘imi stavkalari qo‘llaniladi», — deyiladi xabarda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 538 mln 713 ming 760 so‘m asosida bojxona to‘lovlari hisoblanganda, undirilishi mumkin bo‘lgan miqdor 353 mln 801 ming 986 so‘mni (9 noyabrdagi MB kursiga ko‘ra, qariyb $34 mingni) tashkil etadi.

Bundan tashqari, agar tovarning kelib chiqishiga doir ma’lumotlarda nomuvofiqlik tasdiqlansa, bojxona bojining stavkasi ikki baravar orttirilgan holda hisoblanadi. Ya’ni, bunda bojxona to‘lovlari miqdori 598 mln 959 ming 482 so‘mni ($57,7 mingni) tashkil etishi mumkin, deya qayd etilgan qo‘mita ma’lumotida.