Prezidentning tegishli qarori bilan sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Xadjibayev Abduhakim Mo‘minovich Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim Xadjibayev o‘z faoliyatini oddiy xirurglikdan boshlagan. So‘nggi yigirma yil davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, Shoshilinch tibbiy yordam vrachlar assotsiatsiyasi raisi, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari va uch marotaba sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

2003 yil «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» unvoni hamda 2020 yil «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.

Prezident qarori asosida sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Inoyatov Amrillo Shodiyevich tayinlanmoqda.

абдуҳаким хаджибаев

Amrillo Inoyatov. Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

U bunga qadar prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan.

Tibbiyot fanlari doktori, dotsent Amrillo Inoyatov bundan avval Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori lavozimida ishlagan.