Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari raislari joriy yilning 9 oyi davomida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati yuzasidan axborot berdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi Gulnora Bazarbayevaning ma’lum qilishicha, hisobot davrida 954 nafar shaxsga nisbatan 735 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan.

Ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 foizga kamaygan bo‘lsa, shaxslar soni esa 4,6 foizga ko‘paygan. Mazkur davrda ko‘rib tamomlangan jinoyat ishlarining 155 tasi yoki 21,1 foizi sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, sud tomonidan 3 kishi oqlangan, 81 kishiga jazo tayinlanmasdan ayblov hukmi chiqarilgan, 1 kishi tayinlangan jazodan ozod qilingan, 12 kishiga tayinlangan jazo shartli deb hisoblanib, sinov muddati belgilangan. 246 nafar fuqaro taraflarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.

Bundan tashqari mahalla, xotin-qizlar va yoshlar ittifoqi kafilligi asosida 18 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi raisi K.Tarixov hisobot davrida 5498 ta fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlanganini, 2655 ta arizalar bo‘yicha sud buyruqlari chiqarilganini ma’lum qildi.

Ko‘rib tamomlangan ishlarning 4227 tasi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarilgan. 3633 ta da’vo qanoatlantirilib, 594 tasi rad etilgan. 512 tasi ish yurituvdan tugatilib, 759 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Shuningdek, 1874 ta fuqarolik ishlari sayyor sud majlislarida ko‘rilgan va bu jami ishlarning 34,1 foizini tashkil etadi.

2020 yilning 9 oyi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi va tuman (shahar) ma’muriy sudlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 520 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 365 nafar fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi, 2 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanildi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha jami 13 110 ta shaxsga nisbatan 11 360 ta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan, 7906 nafar shaxsga jarima, maxsus hukuqdan mahrum etish, ma’muriy qamoq va O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi. 3641 kishiga nisbatan 3021 ta ma’muriy ish harakatdan tugatilgan.

2019 yilning shu davriga nisbatan huquqbuzarliklar 32,4 foizga kamaygan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 1489 ta avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, 1142 ta spirtli ichimliklar iste’mol qilgan holda avtotransport vositalarini boshqarish huquqbuzarligi sodir etilgan. Ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish 33,7 foizga, mast holda transport boshqarish 45,4 foizga kamaygan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiy sudi raisi Gauxar Zaripovaning axborotida qayd etilishicha, joriy yilning to‘qqiz oyida iqtisodiy sudlar tomonidan 3 029 ta ish ko‘rib chiqilgan.

Kichik biznes sub’ektlari va yakka tadbirkorlar ishtirokida jami 2717 ta ish ko‘rilib, ishni ko‘rish natijalariga ko‘ra ularning foydasiga 24,2 milliard so‘m undirish haqida sud qarorlari chiqarilgan. Shuningdek, 4 mlrd 351 million so‘m byudjetga undirish bo‘yicha sud qarorlariga asosan davlat bojlari undirilgan. Taraflar tomonidan 793,7 million so‘m davlat boji ixtiyoriy to‘langan.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan iqtisodiy ishlar 2106 taga kamaygan.

Ishlarni ko‘rish jarayonida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan jami 98 ta, jumladan, 12 ta shaxsga nisbatan ma’muriy, 22 ta shaxsga nisbatan moddiy, 52 ta shaxsga nisbatan intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida va 12 ta shaxsga nisbatan boshqa turdagi ta’sir choralari qo‘llanilgan.