Avvalroq, prezident «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani haqida xabar bergandik.

Mazkur hujjat bilan transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

Unga ko‘ra, «O‘zavtosanoat» AJ (davlat ulushi 100%), «Toshshahartransxizmat» AJ (100%), «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ (100%), Uzbekistan Airways AJ (100%), Uzbekistan Airports AJ (100%), «O‘zdonmahsulot» AJ (100%), «O‘zagrosug‘urta» AJ (94%), «O‘zsuvta’minot» AJ (100%) va boshqa jamiyatlar transformatsiya qilinadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat aktivlari agentligi 2020 yil 1 dekabrga qadar raqobat muhitiga ta’sir qiladigan imtiyoz va preferensiyalarni xatlovdan o‘tkazadi. Ularni bekor qilish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqib, prezident administratsiyasiga kiritishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish departamenti tashkil etiladi. Departamentga 24 ta shtat birligi ajratilmoqda, ular moliya va davlat soliq xizmati organlarining 12 tadan shtat birligini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi.