Jurnalist Alisher Ro‘zioxunov 23 oktyabr tunida ichki ishlar xodimi mojaro sabab unga nisbatan kuch ishlatganliklari haqida ma’lum qildi.

Uning o‘z Telegram kanalidagi murojaati «Vazir Bobojonov, iltimos iste’fo bering, negaki sizning xodimlaringiz fuqarolarni haqoratlab, kaltaklashda davom etyapti. Siz tizimni o‘zgartira olmayapsiz», so‘zlari bilan boshlanadi.

Jurnalistning xabar berishicha, u 23 oktyabr tungi vaqtda chorrahadan o‘tayotganida yo‘l harakati xodimi bir mashinani to‘xtatgan.

«U yo‘l yoqasida turgan inspektor xizmat mashinasiga yonma-yon, yo‘lning ikkinchi yo‘lagiga to‘xtadi. Inspektor esa yo‘lning uchinchi yo‘lagidan haydovchi eshigi tomon yurib kelayotgandi. Men yo‘ldagi tirbandlik va vaziyatni ko‘rib, arang uchinchi va to‘rtinchi bo‘lak orasiga tushib qoldim. Shunday inspektorning qo‘li mashinam o‘ng yon oynasiga tegib ketdi. Shu joydan qochmay, inspektor kelishini kutdim, unga yo‘l o‘rtasiga sal e’tibor bilan chiqishini aytganim bilan mojaro boshlandi», — deydi Alisher Ro‘zioxunov.

Uning aytishicha, 6dan ortiq xodim uni o‘rab olgan. «Inspektor hujjatlarimni talab qildi. Berdim. Shu orada qiy-chuv qilib, xodimlar „buni rasmiylashtir, odam urdi“ deb „aql“ o‘rgata boshladi. Men sal shokka tushdim», — deydi u.

«Shu orada shahar IIBBda kimni tanisam, qo‘ng‘iroq qilib, anglashmovchilik bilan ishni jiddiylashtirayotganini tushuntirdim. Inspektor telefonimni olib bir chetga o‘tib ketdi. Go‘shakni nariyog‘idagi odam vaziyatni uning og‘zidan eshitayotgandi. Shu paytdan niqobda, hech qanday tanish belgisi bo‘lmagan 2 nafar xodimning biri dubinka bilan qornimga soldi. Hech qanday sabab yo‘q. Aynan shu xodim mensimay, haqoratlab gaplasha boshladi. Buni tushunmadim, ammo vaziyat keskinlashib ketmasligi uchun xo‘p, aka deb turgandim. Shu xo‘p so‘zim ham yoqmadi shekilli. Dubinka zarbidan ikki bukilib yerga o‘tirdim…

Inspektor telefonda suhbatni tugatib, qaytib keldi va men jurnalist ekanimni qolganlarga aytdi. 10 daqiqadan so‘ng, atrofdagi xodimlari tumtaraqay bo‘ldi. Inspektor va zudlik bilan shu joyga yetib kelgan rahbari meni yupatib kechirim so‘radi. Men qabul qildim. Ammo gap ularda emasdi. Xullas, vazir janoblari, ikkiyuzlamachi, o‘zboshimcha va vakolatini suiste’mol qilib, odam uradigan, haqarotlaydigan xodimlaringizni isloh qilolmayapsiz. Buni eplaydigan odamga o‘rningizni bo‘shatib bering", — deya hikoya qiladi Alisher Ro‘zioxunov o‘z Telegram kanalida.

Jurnalist aybi bo‘lgan taqdirda inspektordan o‘zini rasmiylashtirishni 5 marta so‘raganini aytgan.

Toshkent shahar IIBB munosabati

Toshkent shahar IIBB Alisher Ro‘zioxunov bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Kun.uz internet nashri jurnalisti Alisher Ro‘zioxunov 22 dan 23 oktyabrga o‘tar kechasi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklanganligi xaqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Toshkent shahar IIBB tomonidan mazkur ma’lumot o‘rganib chiqilib, voqeada ishtirok etgan barcha xodimlarning hamda fuqaro A.Ro‘zioxunovning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi», — deyiladi bayonotda.

IIBB fuqarolardan, bloger va jurnalistlardan «o‘z mavqeini ro‘kach qilib ichki ishlar organlari xodimlarining ishlariga xalaqit bermasliklarini, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi bilan sodir bo‘lgan voqealarni buzib talqin etib ommaga namoyish qilmasliklarini» so‘ragan.

Ushbu holat bo‘yicha Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirishdi.

«Kuni kecha jurnalist Alisher Ro‘zioxunov bilan bo‘lib o‘tgan holatdan biz xavotirdamiz. Jurnalist o‘z sahifasida yozgan gaplari rost bo‘lsa, uni haqiqatda ham ichki ishlar xodimlari dubinka bilan kaltaklagan bo‘lsa, biz ushbu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazib, masalaga oydinlik kiritilishini, aybdorlarga nisbatan jazo chorasi qo‘llanilishini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan so‘raymiz. Jurnalist tomonidan qonun buzilgan taqdirda ham unga nisbatan qo‘l ko‘tarilishi mumkin emas. Va qonun barcha uchun barobar bo‘lishi kerak. Ushbu holatni biz diqqat bilan kuzatib boramiz», — deydi Komil Allamjonov.

«Albatta qonun barcha uchun barobar bo‘lishi kerak. Hoh u oddiy fuqaro yoki jurnalist bo‘lsin, lekin xizmat vazifasidagi xodimlar odamlarga qo‘l ko‘tarishiga qarshimiz. Jurnalistlarni biz har qanday holatda ham himoya qilamiz», — deya munosabat bildirdi Saida Mirziyoyeva.