Shveysariya federal kanselyariyasi har bir fuqaroga, shu jumladan, bolalarga ham 7500 Shveysariya franki (taxminan 7 ming yevro) to‘lash haqidagi tashabbusni rasmiy axborotnomada chop etdi, deya xabar berdi Meduza nashri.

Agar 2022 yil 22 aprelgacha ushbu tashabbusni 100 ming kishi qo‘llab-quvvatlasa, u referendumga qo‘yiladi. Agar referendum bo‘lib o‘tadigan bo‘lsa, unda mablag‘ tashabbus qabul qilinganidan keyin bir yillik muddatdan kechiktirmay to‘lanadi.

Sankt-Gallen kantonining yettita aholisi mamlakatning har bir aholisiga 7500 frank to‘lash taklifini berishgan. Tashabbus mualliflarining fikriga ko‘ra, Shveysariya milliy banki milliy valyuta qiymatini pasaytirish uchun «vertolyot pulini» (yakuniy iste’molchilar orasida erkin taqsimlanadigan qaytarilmaydigan pul) to‘lashi kerak. G‘oya mualliflari pulni to‘lash uchun yangi pullar chiqarilishi kerak, taklif etilgan summa esa soliqlardan ozod etilishi kerak, deb hisoblashadi.

2016 yil iyunida bo‘lib o‘tgan referendumda Shveysariya aholisining ko‘pchiligi mamlakatda fuqarolarga ularning ishlash-ishlamasligidan qat’i nazar, oyiga 2500 frank miqdorida kafolatlangan daromad joriy qilinishiga qarshi ovoz berishgan.