Qirg‘iziston parlamenti deputati Aynuru Altibayeva oddiy fuqarolardan pul yig‘ib, mamlakatning tashqi qarzini, xususan, Xitoy oldidagi qarzdorlikni uzishga chaqiradi. Bu haqda u matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deya xabar berdi 24.kg nashri.

Parlament a’zosi «Kelajak uchun» deb nomlangan maxsus kampaniya boshladi. Bankda hisob raqami ochib, u yerda mablag‘ to‘plashni rejalashtirgan. Aynuru Altibayeva ushbu tashabbus o‘ziga tegishli ekanligini va yig‘ilgan mablag‘ni nazorat qilish uchun «Eldik Kenesh» kuzatuvchilar guruhi tuzilishini ta’kidladi. Deputatning o‘zi shaxsiy oylik ish haqi — 25 500 somni o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Bu rasmiylarning mamlakat tashqi qarzini oddiy fuqarolar hisobiga to‘lashga qaratilgan birinchi urinishi emas. 2018 yilda Muhammadmedkali Abilgaziyev boshchiligidagi hukumat davlatga yordam berishni xohlovchilardan mablag‘ to‘plash uchun maxsus hisob raqami ochishni taklif qilgan edi. Shundan keyin fuqarolarning aksariyati davlat qarzini poraxo‘r amaldorlarning mol-mulki bilan to‘lashni taklif qilishdi.

Almazbek Atambayev davrida ikkita hisob ochilgan — somda va dollarda. 2012 yilda ular yopilgan, mablag‘lar esa Moliya vazirligiga o‘tkazilgan, deb yozadi 24.kg nashri.

Oktyabr oyining boshlarida Moskva davlat universitetining axborot-tahlil markazi tomonidan «Moliyaviy tubsizlik arafasida: Qirg‘iziston qarzlardan kechishni so‘raydi» degan maqola chop etildi. Maqolada respublika uzoq yillardan beri defolt yoqasida turib qolayotgani, bu vaziyatdan faqat tashqaridan tushgan naqd pul evaziga qutulish mumkinligi aytilgan.

Ma’lumot uchun, ayni paytda Qirg‘izistonning milliy qarzi o‘sib bormoqda va iyul holatiga ko‘ra 4,8 mlrd dollardan oshgan. Bu holat butun mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Byudjet kamomadi ham o‘sib bormoqda — yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich taxminan 400 mln dollarga yetishi mumkin. Shuningdek, mamlakat tashqi qarzining 43 foizi Xitoydan olingan.