Adliya vazirligi qoshidagi Davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari tomonidan «qaysi ma’lumotnomalar ko‘p so‘ralyapti va qaysi davlat idoralari ularni talab etayapti» degan savollarga javob topish uchun o‘tgan 1 oy davomida fuqarolarning DXMlarga ma’lumotnoma so‘rab qilgan murojaatlari o‘rganildi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Aniqlanishicha:

  • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turish yoki turmaslik to‘g‘risida — 39 950 ta;
  • narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turish yoki turmaslik to‘g‘risida — 35 066 ta;
  • fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari haqida — 30 609 ta;
  • sudlanganlik (yoki sudlanmaganlik) haqida — 20 714 ta;
  • fuqaroning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida — 5 421 ta;
  • manzil-ma’lumot axboroti — 981 ta;
  • turar joyning maydoni to‘g‘risida — 12 ta ma’lumotnoma berilgan.

Prezidentning tegishli qarori bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan talab qilinishi, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilishi mumkin bo‘lmagan 28 ta hujjatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Biroq amalda monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, hamon turli tashkilotlar va idoralar tomonidan fuqarolardan ortiqcha ma’lumotnomalar talab qilish holatlari kuzatilmoqda, deyiladi xabarda.

Monitoring natijasida ushbu hujjatlar asosan ishga kirish uchun so‘ralayotgani ma’lum bo‘ldi.

Misol uchun, ruhiy kasalliklar va narkologiya dispanseri hisobida turishi/turmasligi haqidagi «spravka» aksariyat hollarda tibbiyot birlashmalari va muassasalari hamda ichki ishlar organlariga ishga kirish, tijorat banklaridan kredit olish uchun talab qilinayotgan ekan. Ushbu maqsadlar uchun ma’lumotnoma 45 mingdan ortiq fuqarodan talab qilingan.

«To‘g‘ri, qonunchilikda mazkur turdagi ma’lumotnomalarni so‘rash mumkin bo‘lgan holatlar mavjud. Masalan, nikohdan o‘tishda, haydovchilik guvohnomasini olishda va hokazo. Ayrim turdagi ma’lumotnomalar esa, asosiy hujjatga ilova sifatida belgilanmaganligi yoki normativ hujjat asosida bekor qilinganligi ba’zi davlat idoralari e’tiboridan chetda qolmoqda», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbarining tegishli farmoni bilan joriy yilning 1 sentyabridan boshlab, sudlanganlik/sudlanmaganlik haqida ma’lumotnoma hamda manzil-ma’lumot axboroti fuqaroning roziligi bilan davlat organlari tomonidan idoralararo elektron hamkorlik orqali olinib, fuqarolardan talab qilish tartibi bekor qilingan. Shunga qaramay, amaliyotda sentyabr oyida fuqarolardan 22 mingga yaqin ushbu turdagi ma’lumotnomalar talab qilingan.

Shuningdek, tahlillarga ko‘ra, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy bor yoki yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnomani eng ko‘p talab qilgan tashkilot va idoralar, bu — mahalliy hokimliklar 1 782 ta, mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash organlari 1 069 ta, mudofaa organlari 899 ta, ichki ishlar organlari 292 ta, kadastr organlari 242 ta, tijorat banklari 229 ta va bandlik organlari tomonidan 119 ta holatda.

Vaholanki, kadastr organlari ma’lumotnomani so‘ragan tashkilotga tizim orqali yuborishi ham mumkin, deya ta’kidlanadi xabarda.