«Davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish va sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qonunchilikka qator yangi mexanizm va normalarni kiritish taklif etildi» — deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabarida.

Unga ko‘ra, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasida «sovg‘a» tushunchasiga aniqlik kiritilib, davlat xizmatchilari tomonidan sovg‘a olish va berish tartibini belgilovchi «Sovg‘a siyosati» deb nomlangan alohida bob kiritiladi.

Qolaversa, davlat organlarida korrupsiya holatlari va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida Davlat xizmatchilarining odob-ahloq kodeksi ishlab chiqilib, unda xodimlar uchun cheklovlarning aniq ro‘yxati belgilanadi.

Korrupsiogen jinoyatlar bo‘yicha xabar bergan fuqaroning himoyasi kafolatlanishi, uning shaxsi sir saqlanishi to‘g‘risidagi norma «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunda o‘z aksini topishi ham rejalashtirilgan.