O‘zbekiston davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida COVID-19 bilan ikkinchi marta kasallanish mumkinmi, degan savolga javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi bir davlatlarda ushbu kasallik bilan qaytadan kasallanish ehtimoli borligi, hatto ikkinchi marta kasallangan bemorlar qayd etilganligi haqida ma’lumotlar uchrab turibdi.

«Lekin bugungi kunda aniq aytishimiz mumkinki, kasallikning o‘ninchi kunidan boshlab bemorda COVID-19ga qarshi mukammal immun tizimi shakllana boshlaydi. O‘z tasdig‘ini topgan yana bir jihat shuki, kasallikni og‘irroq boshdan kechirgan insonda shakllangan immun tizimi ancha mustahkamroq bo‘ladi», — dedi Nurmat Otabekov.

U dunyoda COVID-19 yoppasiga qaytadan hammada qayd etilishi to‘g‘risida bironta ham asoslangan ilmiy ma’lumot yo‘qligini ta’kidladi.

«COVID-19 yangi kasallik bo‘lib, uni to‘liq o‘rganish bo‘yicha izlanishlar hali oxiriga yetganicha yo‘q. Ammo kasallikni boshdan o‘tkazgan odamda uni ushbu kasallikdan keyinchalik ham himoya qilishga qodir immunitet shakllananishi to‘g‘risidagi asosli ma’lumotlar kishini quvontiradi», — dedi u.

«Agar shu kasallikning mutatsiyaga uchragan virusi bilan yoki aynan COVID-19 bilan uzoq muddatdan keyin yana ro‘baro‘ keladigan bo‘lsak ham, bizning immun tizimimiz xotirasida ushbu kasallikka antitanachalar ishlab chiqarganligimiz haqida axborot mavjud bo‘ladi», — deya ta’kidladi davlat bosh sanitariya inspektori.

«Ushbu antitanachalar kasallik bilan kurasha oladi. Demak, odamda COVID-19 ikkinchi marta hatto qayd etilsa ham, u juda yengil kechishi mumkin. Ya’ni immun tizimi xotirasida antitanachalar ishlab chiqarilgani haqida axborotning borligi kasallikdan tezda sog‘ayib ketish ehtimolini yuzaga keltiradi», — dedi Nurmat Otabekov.

«Odam xotirasidan ko‘p narsa chiqib ketishi mumkin, lekin immun tizimi xotirasidan hech qachon hech narsa chiqib ketmaydi. Hatto kasallikdan keyin xosil bo‘lgan antitanachalar titri kam bo‘lsa ham, ular kasallik bilan kurasha oladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Nurmat Otabekov aholi orasidagi suhbatlar davomida ikki marta COVID-19 bilan kasallanganligini ta’kidlayotgan odamlar uchrayotganini ma’lum qildi. Uning fikricha, agar shu kabi holatlar laboratoriyada COVID-19 virusi borligi tasdiqlangan taqdirda ham, bunga bitta kasallik bilan ikkinchi marta kasallandi degan fikr bilan qarash kerak emas. Buni kasallik yuqtirib olgan organizm undan to‘liq tuzalib ulgurmagan yoki laboratoriya tekshiruvlarida test sistemalar bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi ehtimoli bilan izohlash mumkin.

«COVID-19 bir odamda uzoq muddat saqlanib qolish ehtimoli yo‘q emasligini ham unutmasligimiz lozim. Aytaylik, bemor davo kursini qabul qilib bo‘lgach, tahlil o‘tkazilganida manfiy natija qayd etilgan va u o‘zini sog‘aygan deb hisoblagan. Aslida esa tuzalmagan. Keyinchalik musbat natija qayd etilishi bemorda qaytadan kasallandim, degan fikrni shakllantirilishiga asos bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Shuningdek, COVID-19ni ikkinchi marta yuqtirib olish holatiga to‘liq ishonish uchun genom darajasida taqqoslash o‘tkazish kerak bo‘ladi. «Ya’ni quyidagi savolga javob topishimiz lozim: bemorda kasallikni yana aynan o‘sha virus chaqirdimi yoki boshqa bir virusmi? Birinchi va ikkinchi holatda genom (irsiyat) darajasida solishtirish o‘tkazish orqaligina bemor COVID-19 ni qaytadan yuqtirib oldi, degan fikrga kelishimiz mumkin».

«COVID-19 bilan ro‘baro‘ kelganimizga qariyb bir yil bo‘layapti, u to‘g‘risida kuzatuvlar hali juda kam. Balki bir muddat o‘tgandan so‘ng aniq xulosalar aytishimiz mumkin bo‘lar. Yoki vaqt o‘tishi bilan immun tizimi ko‘rsatkichlarida ham birmuncha pasayish, susayish kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Balki biz COVID-19 shtami bilan chaqirilgan kasallikdan keyin to‘liq turg‘un immunitet shakllantirarmiz, balki bu yo‘nalishda emlash tadbirlari yordam berar. Hozircha kuzatuvlar muddati juda kam. Hali hosil bo‘lgan immun tizimi necha yilgacha davom etishi bo‘yicha aniq bashoratlar qilish qiyin. Lekin shu epidemik mavsumda bir marta kasallangan odam ikkinchi marta kasallanish ehtimoli yo‘q», — dedi Nurmat Otabekov.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Margaret Xarris Gonkongda COVID-19 virusini qayta yuqtirish holatini izohlar ekan, koronavirus bilan ikkinchi marta yuqish ehtimoli juda kamligini aytgan edi.