Rossiyada COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan chet el fuqarolari va RF fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxslarning doimiy yoki vaqtinchalik yashash muddatlari 15 dekabrga qadar uzaytirildi. Mazkur o‘zgarish Rossiya prezidentining tegishli farmonida nazarda tutilgan, deya xabar berdi RIA Novosti.

Ushbu davr davomida Rossiyadan ma’muriy ravishda chiqarib yuborish, deportatsiya qilish, vaqtincha mamlakatda istiqomat qilish muddatini qisqartirish, qochqinlik maqomidan mahrum qilish, vaqtinchalik boshpana berish, ilgari berilgan vizalarni bekor qilish, ishlash uchun ruxsatnomalar, patentlar berish va boshqalar to‘g‘risida qarorlar qabul qilinmaydi.

Hujjat shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarining amal qilish muddati 14 martdan keyin tugagan chet elliklarga ushbu hujjatlari asosida o‘z yurtlariga chiqib ketishga ruxsat beriladi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi noqonuniy ravishda Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni berilgan huquqdan foydalanishga va IIVga murojaat qilgan holda, 15 dekabrga qadar mamlakatda bo‘lishlarini yashash joylari orqali qonuniylashtirishga, shuningdek ishlash uchun ruxsatnoma (patent) rasmiylashtirishga chaqirdi.

Avvalroq bosh vazirning maslahatchisi Mehriddin Xayriddinov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorov bilan uchrashgan edi. Tomonlar migratsiya sohasidagi hamkorlik va Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining ahvolini muhokama qilishdi.