O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 sentyabr kuni ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bu yil qish sovuq kelib, havo harorati oldingi yillarga nisbatan 2−5 daraja past bo‘lishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlardagi haqiqiy holatdan kelib chiqib, kuz-qishga tayyorgarlik yuzasidan Toshkent shahrining 12 ta tumani, Qoraqalpog‘iston va har bir viloyat bo‘yicha alohida-alohida qaror qabul qilish topshirildi.

Bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahri tumanlariga, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov viloyatlarga shu masalalar bo‘yicha mas’ul etib biriktirildi. Tayyorgarlik ishlarini, eng avvalo, bu borada ahvol og‘ir bo‘lgan 56 ta tuman va shahardan boshlash kerakligi ta’kidlandi.

Chapdan o‘ngga: Tanzila Narbayeva, Nurdinjon Ismoilov, Ochilboy Ramatov va Jamshid Qo‘chqorov. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda 1 noyabrga qadar 3 mingdan ziyod ta’mirga muhtoj ko‘p qavatli uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, 131 ta ijtimoiy soha ob’ektini mukammal va 3 mingtasini joriy ta’mirlash vazifasi qo‘yildi. Tibbiyot va ta’lim muassasalarining tayyorgarlik holati ko‘rib chiqildi.

Bu yil kuz-qish mavsumi uchun 6 million tonna ko‘mir mahsulotlari zarurligi qayd etilib, ularni g‘amlash va yetkazib berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Ko‘mir arzon bo‘lishi uchun uni import qiluvchi tadbirkorlarga temir yo‘lda tashish bo‘yicha chegirma berish muhimligi ta’kidlandi.

Bosh prokuraturaga ko‘mir narxini asossiz oshirib yuborish, tamagirlik va talon-toroj holatlarining oldini olish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

«Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyatiga tabiiy gaz tanqis hududlarga 385 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.

Joriy mavsumda elektr energiyasiga talab o‘tgan yilgiga nisbatan 7,5 foiz ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Bu soha barqaror ishlashi uchun issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz va mazut bilan ta’minlash, elektr tarmoqlari, podstansiya va transformatorlarni ta’mirlash muhimligi ta’kidlandi.