Yosixide Suga 16 sentyabr kuni o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, Yaponiya yangi bosh vaziri etib saylandi. Bu haqda Kyodo nashri habar berdi.

Avvalroq esa u hukmron Liberal-demokratik partiyasining yetakchisi etib saylangan edi.

Parlamentda 465 vakildan 314 nafari yangi Yosixide Suganing nomzodini ma’qulladi.

Xabarga ko‘ra, Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abe hukumati 16 sentyabr kuni — hukumatning yangi rahbari Yosixide Suga inauguratsiyasidan oldin to‘liq tarkib bilan iste’foga chiqdi. Shu bilan birga, Sindzo Abe kabinetining aksariyat vazirlari o‘z lavozimlarini saqlab qolishlari ta’kidlandi.

Jumladan, tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegi, moliya vaziri Taro Aso, davlat yer, infratuzilma, transport va turizm vaziri Kazuyoshi Akaba, olimpiya ishlari vaziri Seyko Xashimoto va iqtisodiy tiklanish vaziri Yasutoshi Nishimura o‘z lavozimlarida qoladigan bo‘ldi.

Suga sobiq bosh vazir Sindzo Abening siyosatini ham iqtisodiy, ham diplomatik yo‘nalishda davom ettirishga va’da berdi.