O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 sentyabr kuni «Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qonun bilan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy-texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish vazifasi hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga o‘tkazildi.

Kotibiyatlar yuridik shaxs hisoblanadi va ularning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.

Kotibiyat tuzilmasi, shtatlar, xodimlarning mehnat haqi miqdori va moddiy-texnika ta’minoti, shuningdek ularni saqlash xarajatlari tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

11 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida yuqorida keltirilgan o‘zgartishlar senatorlar tomonidan ma’qullangan edi. Yig‘ilishda alohida kotibiyatlarning tashkil etilishi hokimiyatlar bo‘linishi tamoyiliga amal qilinishiga imkon yaratadi — ijro va qonun chiqaruvchi hokimiyat faoliyatini alohida olib boradi, shuningdek, hokimiyatlar ustidan deputatlik nazorati samaradorligi oshadi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Senat raisi Tanzila Narbayeva deputatlar uzoq yillar davomida alohida kotibiyatning tashkil etilishi to‘g‘risida orzu qilganlarini ta’kidlab o‘tdi.