Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Toshkentdagi Respublika bolalar kutubxonasini rekonstruksiya qilish loyihasini taqdim etdi. Jamg‘arma matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, kutubxona rekonstruksiyasi metsenatlar hisobiga amalga oshiriladi va 2021 yil martgacha yakunlanadi.

Ma’lumot uchun, Respublika bolalar kutubxonasining binosi «Turkiston moderni»ning yorqin namunasi bo‘lib, u boy tarixga ega. 1893 yilda me’mor I.A.Markevich tomonidan qurilgan mazkur bino XX asrning boshlarida Buxoro yahudiylari aka-uka Vadyayevlarga — bir paytlar Moskvadagi afsonaviy Metropol mehmonxonasiga egalik qilgan qo‘qonlik badavlat paxta sanoatchilariga tegishli edi. Keyinchalik majmuada Toshkent shahar Dumasi va Jamoat yig‘ilishi joylashgan bo‘lib, binoning turar joy qismi bolalar kutubxonasiga aylantirilgan.

Rekonstruksiya loyihasi kutubxonalar va kitob fondlari bilan ishlashga ixtisoslashgan Ludi Architects (Sankt-Peterburg) arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Me’morlarning fikriga ko‘ra, rekonstruksiya ishlari bino intereri elementlari va ularning joylashuviga minimal darajada ta’sir qiladi.

«Binoning nodir tarixiy qiyofasi zamonaviy dizayn yechimlari yordamida muayyan bir muhitda saqlab qolinadi. Mualliflar zamon ruhini saqlab qolish bilan birga, inshoot universal jihatlarga ega bo‘lishi uchun loyihani tegishli g‘oyalar bilan to‘ldiradi», — deya ta’kidlandi jamg‘armadan.

Kutubxonada ochiq fondlardan tashqari 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kovorking maydoni, laboratoriyalar va raqamli kontentlar bilan ishlash uchun studiyalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, majmuada ma’ruzalar va mahorat darslari uchun keng o‘zgaruvchan zal tashkil etiladi. Bunoga tutash hududlar esa jamoat maydonlariga aylantiriladi.

Loyiha bo‘yicha bolalar kutubxonalari uchun xorijiy texnologlar jalb qilinadi, bu muassasa tuzilishini xalqaro standartlarga javob beradigan darajaga olib chiqadi. Ular kitob fondi ishlarini tashkil etish, nazorat qilish va nashrlarni izlash tizimini yo‘lga qo‘yishadi, hozirda bunday nashrlardan 200 ming nusxasi mavjud bo‘lib, bu mintaqamizdagi bolalar kitoblarining eng yirik to‘plamidir. Bundan tashqari, kutubxona barcha inklyuziv talablarga javob beradigan qulayliklarga ega bo‘ladi, deyiladi jahg‘arma xabarida.

Matbuot xizmatining ma’lumot berishicha, ilmiy va madaniy dasturlarda bola shaxsini mustaqil ravishda shakllantirish, unda o‘z loyihalarini yaratish, mustaqil o‘rganish va izlanish qobiliyatlarini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga qaratilgan. Ular san’atda ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish kabi loyihalarning mavzulari bilan ajralib turadigan STREAM texnologiyasi asosida quriladi, bu esa bugungi kundagi yuqori talabga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarning yangi avlodini tayyorlashga xizmat qiladi.

Loyiha eskizlari


Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.