Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko Rossiyaning Sochi shahrida uchrashishdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 14 sentyabr kuni Sochi shahrida muzokaralar o‘tkazishdi. Uchrashuv to‘rt soatdan ko‘proq davom etib, «tet-a-tet» (yuzma-yuz) formatida bo‘lib o‘tdi. Rossiya rahbari Lukashenkoni prezidentlikka qayta saylangani bilan yana bir bor tabrikladi. Vladimir Putin saylovdan keyin boshlangan noroziliklarga fikr bildirib, «belaruslarning o‘zlari, tashqaridan hech qanday undov yoki bosimlarsiz» vaziyatni tartibga solishi kerakligini aytdi. Rossiya Belarusni «hozirgi qiyin paytda» 1,5 mlrd dollarlik krediti bilan ta’minlaydi. O‘z navbatida, Aleksandr Lukashenko Vladimir Putin va rus xalqiga prezidentlik saylovlaridan so‘ng qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi. «Bu nafaqat Belarus va Rossiya uchun, balki sobiq sovet respublikalari uchun ham saboq bo‘lishi kerak», ― deya ta’kidladi Belarus prezidenti. — Gazeta.uz

Rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan darajada quladi

Foto: g20.org

2020 yil ikkinchi choragida G20 mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti koronavirus pandemiyasi tufayli avvalgi uch oyga nisbatan misli ko‘rilmagan darajada, ya’ni 6,9 foizga tushib ketdi. G20 mamlakatlari orasida Xitoy YAIMninig o‘sishi qayd etilgan yagona davlatga aylandi (11,5 foiz). Eng ko‘p zarar Hindiston iqtisodiyotiga to‘g‘ri kelib, uning ko‘rsatkichi 25,2 foizga tushib ketdi. Buyuk Britaniyada esa pasayish 20,4 foizni tashkil qildi. Janubiy Koreya va Rossiyada YAIMning pasayishi unchalik sezilarli bo‘lmagan. Har ikki mamlakatda ham pasayish 3,2 foizni tashkil etdi. Moody’s reyting agentligining bashoratlariga ko‘ra, bu yil G20 mamlakatlaridagi umumiy iqtisodiy pasayish 4,6 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrikada koronavirus pandemiyasidan so‘ng tiklanish borasida eng katta muammolar yuzaga kelish ehtimoli katta, deydi mutaxassislar. — Interfaks.

Yevropa Ittifoqi Lukashenkoning saylovlarda qonuniy g‘olib bo‘lganligini tan olmadi

Yevropa Ittifoqi Aleksandr Lukashenkoni Belarusning qonuniy prezidenti sifatida tan olmadi. Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Josep Borrelning ta’kidlashicha, Yevropa parlamenti avgust oyida bo‘lib o‘tgan saylovlar soxtalashtirilgan deb hisoblashda davom etmoqda. «Biz 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarni qalbakilashtirilgan deb bilamiz … Biz Lukashenkoni Belarusning qonuniy prezidenti deb tan olmaymiz», ― dedi u. Shu bilan birga, dastlab Lukashenko haqida gapirganda, Borrel yanglishib, Belarusni Ukraina deb atadi. — RIA Novosti.

Aleksey Navalniy komadan keyin birinchi suratini e’lon qildi

Foto: instagram.com/navalny

Hozirda Berlindagi «Sharite» kasalxonasida davolanayotgan Aleksey Navalniy, komadan chiqqanidan so‘ng o‘zining shaxsiy Instagram sahifasida birinchi suratini e’lon qildi. «Men hozir ham deyarli hech narsa qilolmayapman, lekin kecha kun davomida o‘zim nafas oldim. Faqat o‘zim. Hech qanday yordamsiz…» — Instagramsahifasidan.

TikTok egalari AQSH va boshqa mamlakatlarda biznesini sotishdan bosh tortishdi

Foto: fb.com/tiktok

TikTokga egalik qiluvchi Xitoyning ByteDance kompaniyasi Microsoft ga o‘zining AQSH, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi segmentini sotishdan bosh tortdi. ByteDance kompaniyasi Oracle korporatsiyasi bilan shartnoma tuzdi. Korporatsiya bilan hamkorlik ularga keyinchalik AQSHda faoliyat yuritishga taqiqdan saqlanishga yordam beradi deb umid qilishmoqda. ByteDance tomonidan AQSH moliya vazirligiga yuborilgan bitimda, Oracle kompaniyasi «ishonchli texnologik sherik» vazifasini bajarishi belgilangan. — Gazeta.uz