9 sentyabr kuni Jizzax viloyatida uchta avtomashina ishtirokida sodir etilgan yo‘l transport hodisasi oqibatida ikki kishi vafot etdi, deya xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Qayd etilishicha, 9 sentyabr kuni soat taxminan 18:30 da Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Xayrobod MFY hududidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘li «Toshkent-Samarqand» yo‘nalishining 997 kilometrida Lacetti rusumli avtomashina katta tezlikda harakatlanib, shu yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan boshqa bir Lacetti rusumli avtomashinaning chap yon tomoniga urilib, yo‘lni bo‘lib turgan beton to‘siqni buzib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Kia rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashgan.


Tergov departamentining birlamchi ma’lumotlariga ko‘ra, katta tezlikda harakatlanib kelgan Lacetti avtomashinasida yong‘in kelib chiqqan, avtomashinada bo‘lgan haydovchi va bir nafar yo‘lovchi hodisa joyda vafot etgan, qolgan 3 nafar yo‘lovchilar tibbiy muassasasiga yotqizilgan, ikkinchi Lacetti rusumli avtomashina yo‘l chetida ag‘darilib ketgan, avtomashinada bo‘lgan haydovchi va yo‘lovchi tan jarohatlari olmagan, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelgan Kia yuk avtomashina haydovchisi ham tan jarohatlari olmagan.

Ta’kidlanishicha, hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda.