8 sentyabr kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Minskdagi Mustaqillik saroyida Rossiya ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi. U bilan suhbatlashish uchun Russia Today telekanalining bosh muharriri Margarita Simonyan, «Pervыy kanal» muxbiri Anton Vernitskiy, «Rossiya 1» telekanalining «Vesti» dasturi boshlovchisi Yevgeniy Rojkov va «Govorit Moskva» radiostansiyasining bosh muharriri Roman Babayan kelishdi. Suhbatdagi asosiy fikrlar haqida Belarusning TUT.by portali xabar berdi.

Prezidentlik saylovlaridan keyingi norozilik namoyishlari haqida

Aleksandr Lukashenko Belarusdagi vaziyatga asosan tashqi aralashuv ta’sir ko‘rsatayotganiga va norozilik namoyishlari Polsha, Chexiya, Litva va Ukrainadan olib borilayotganiga aminligini bildirdi. U, shuningdek, norozilik namoyishlari ijtimoiy tarmoqlar orqali muvofiqlashtirilayotganligini aytib o‘tdi.

«Bularning barchasi globallashgan va xalqaro miqyosda olib borilmoqda. Agar boy Rossiya buni uddalay oladi, deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Men ko‘plab prezidentlar bilan suhbatlashdim, katta do‘stim, men uni akam deyman, Putin bilan suhbatlashdim. Men uni ogohlantirdim: bunga qarshi turish mumkin emas. Chunki telegram-kanallariga qanday qarshi turish mumkin? Sizda ushbu telegram-kanallarini bloklash imkoniyati bormi? Hech kimda, hatto uni ixtiro qilganlarda ham bunday imkoniyat yo‘q. Amerikaliklar. U yerda nima bo‘layotganini ko‘ryapsizku. Telegram-kanallar u yerda yetakchi rol o‘ynamoqda. Ammo bu voqeani ular o‘ylab chiqishgan, ular boshladilar, uzoq vaqt oldin. Buni Rossiya yoki Belarus boshlagani yo‘q, ular har doim shu bilan shug‘ullangan. Va o‘z maqsadiga erishdi. Shuning uchun Xudo xayrini bersin ularni. Biz esa ular qilgan ishning oqibatlarini ko‘rayapmiz. Internetni va hokazolarni olib tashlasak ham… Ushbu telegram-kanallar Polshadan ishlaydi», — dedi u.

«Shuning uchun sizlar ham bo‘shashmanglar. Sizda ham tez orada ma’lum siyosiy voqealar yuz beradi va ehtimol, yo‘q joydan. Rossiya rahbariyati bilan birgalikda nima xulosaga kelganimizni bilasizmi? Agar bugun Belarus qulasa, keyingi navbat Rossiya bo‘ladi», — deya ogohlantirdi Aleksandr Lukashenko.

«Agar Lukashenko hozir qulaganida, butun tizim qulab, Belarus uning ortidan qulagan bo‘lar edi. Men u butunlay orqaga ketadi deb aytmoqchi emasman. O‘ylaymanki, uzoqqa orqalab ketardi. Ehtimol, kimdir qudratli yelkasini suyanchiq qilardi. Lekin hozir bu juda qiyin bo‘lar edi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Belarus rahbari u uchun hayotdagi eng muhim narsani aytib o‘tdi. «Agar mening cho‘ntagimda bir necha milliard pul bo‘lganida, ehtimol men Poroshenko kabi harakat qilgan bo‘lardim. Albatta, buning ehtimoli kam, bu haqida o‘ylamayman. Ammo menda bu milliardlar bo‘lmasachi? Shuning uchun, men qo‘rqmayman. Men hatto uydagilarga ham aytaman, chunki bolalar unchalik qabul qilmaydilar: „Bolalar, bugun bo‘lmasa, ertaga. Kim biladi, men qachon Uning oldiga boraman, qachon U meni oldiga chaqiradi“. Qachondir men ketarman, balki, lekin men odamlar bilan, shu avlod bilan yaratgan narsalarimizni yo‘q qilishlariga yo‘l qo‘ymayman. Bu mening hayotim va qarang mamlakat qanday o‘zgargan».

Hokimiyat va qurol bilan ko‘rinish bergani haqida

Aleksandr Lukashenko uzoq vaqt davomida hokimiyat boshqaruvida turganligini istisno qilmadi: «Ha, men biroz ko‘proq hokimiyatda o‘tirvorgandirman. Ehtimol, meni nafaqat televizordan, balki dazmol va choynakdan ham ko‘rsatishar. Lekin hozirgi vaqtda faqat men Belarusni himoya qila olaman. Men shunchaki ketmayman. Men chorak asrdan beri Belarusni obod qilganman. Men shunchaki undan voz kechmayman. Qolaversa, men ketsam, mening tarafdorlarimni so‘yishni boshlashadi! Biz Konstitutsiyani isloh qilishga tayyormiz, shundan so‘ng muddatdan oldin prezident saylovlari o‘tkazilishi ham mumkin».

«Mening qurol bilan ko‘rinish berishim faqat bitta narsani anglatadi: men hech qayerga qochib ketmadim va mamlakatni oxirigacha himoya qilishga tayyorman», — dedi u.

Mariya Kolesnikovaning hibsga olingani haqida

Jurnalistlar Alyaksandr Lukashenkodan muxolifat muvofiqlashtirish kengashi a’zosi Mariya Kolesnikovaning mamlakat chegarasida hibsga olinishi bilan bog‘liq vaziyat haqida so‘rashdi.

«Bu haqda batafsilroq ayta olmayman, chunki menga faqatgina u va uning yoki do‘stlari yo haydovchilari yo yaqinlari Ukrainaga qochganini aytishdi. Ularning hujjatlari oldindan rasmiylashtirilgan bo‘lgan. Ular bizning hududda pasportlarini ko‘rsatdilar. Bojxona xodimlari, chegarachilar ularni o‘tkazib yuborishdi. Keyinchalik — davlat chegarasi va ukrainlar posti keladi. Ammo bu postlar orasida 8−9 km bor. O‘sha yerda, biz o‘z tomonimizdagi postdan keyingi hududni kuchaytirganmiz. Chegara qattiq qo‘riqlanadi, shuning uchun biz post o‘rnatdik. Tabiiyki, ular to‘xtatildi. Ular esa mashinalarida davom etishdi. Uni harakatdagi mashinadan uloqtirishdi. Harakat paytida. Ular mashinada uchta edi, kim uni uloqtirishi mumkin? Bizning chegarachilar, albatta, uni tartib bo‘yicha qo‘lga olishdi va uni chegara otryadiga jo‘natishdi, men buni qari chegarachi sifatida aytaman. Qolganlar esa Ukraina chegarasidan o‘tgan. Menga xabar berishicha, Ukraina postida ular hibsga olingan. Ularni bizga qaytarib berishlari uchun biz ular bilan muzokara olib borayapmiz», — deya javob berdi prezident.

Muxolifatning muvofiqlashtirish kengashi haqida

Aleksandr Lukashenko kengash bilan gaplashmasligini aytar ekan, «bu odamlarning kimligini bilmayman», deya ta’kidladi. «Ular hech qanday muxolifat emas. Ularning taklif etayotgani Belarus davlati va Belarus xalqi uchun halokatdir. Ular bizga birodar bo‘lgan Rossiya bilan barcha aloqalarni uzmoqchilar, bizda pullik ta’lim va tibbiyot bo‘lishini xohlashmoqda. Ular bizning barcha sanoat korxonalarimiz vayron bo‘lishini va ishchilar ishsiz qolishini istaydilar», — deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltiradi Roman Babayan o‘zining Telegram kanalida.