Namanganda yosh qiz hech bir sababsiz ikki nafar erkakni do‘pposlagan, deya xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Xabarga ko‘ra, 25 iyun kuni soat 17:30 da 23 yoshli G. A. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat joyi hisoblangan Norin tumani Zarbdor MFY hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida 33 yoshli U.A. ni hech bir sababsiz, qasddan qo‘llari bilan urib, oyoqlari bilan tepib do‘pposlash oqibatida unga tan jarohati yetkazgan.

Bundan tashqari, G. A. bezorilik harakatlarini oldini olayotgan 30 yoshli A.N. ga faol qarshilik ko‘rsatib, uning yuz qismiga qo‘llari bilan qasddan bir necha marotaba urgan.

Mazkur holat yuzasidan Norin tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan G. A. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.