A-373, «Toshkent — O‘sh» avtoyo‘lining 222-kilometrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi halok bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston FVV matbuot xizmati.

Taxminan 16:24 larda Farg‘ona vodiysidan Toshkent tomonga harakatlanib ketayotgan Isuzu haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqqa borib urilgan. Buning oqibatida yong‘in kelib chiqib, avtomashina ichidagi haydovchi va 1 nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan.

Ushbu holatga aniqlik kiritilganda, yuk mashinaning yukxonasida 8 tonna qurilish xomashyosi, ya’ni betonga qo‘shiladigan kimyoviy eritma borligi ma’lum bo‘lgan.

Yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan «Qamchiq» Maxsus-qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi boshlig‘i polkovnik X.Bobonov boshchiligidagi shaxsiy tarkib hamda maxsus texnikalar zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi.

Yong‘in-qutqaruvchilarining olib borgan tezkor say-harakatlari natijasida yong‘in qisqa vaqt ichida bartaraf etildi.