Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari Bahrom Almatov seshanba kuni bo‘lib o‘tgna brifingda o‘quv yili boshida maktablarda qanday sanitariya talab va qoidalarini joriy etish taklif etilayotganini ma’lum qildi.

U maktablarni o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida dezinfeksiyalab, har bir sinf xonasini shamollatish imkoniyatlarini yaratish, maktabga kirish joyida va sinf xonalarining ichida qo‘llarni zararsizlantirish uchun antiseptik vositalar uchun dozator sanitayzerlar bilan ta’minlab, yetarli darajada antiseptik moddalar zaxirasi shakllantirish zarurligini ta’kidladi. Bundan tashqari, maktablarda profilaktik-dezinfeksiya tadbirlarini amalga oshirish uchun joylardagi xo‘jalik hisobidagi dezinfeksiya stansiyalari bilan yillik shartnomalar imzolanishi kerak.

Bahrom Almatov o‘qituvchilar bilan tayyorgarlik ishlarini olib borish hamda ularga koronavirus tarqalishi yo‘llari va ularni bartaraf etish choralarini tushuntirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, sanitariya talablari doirasida o‘quvchilar niqoblarini uch soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqt davomida taqib yurishlari va ularni muntazam ravishda almashtirishlari kerak. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mashg‘ulotlarni 2−3 smenada tashkil qilish, darslarni boshlashdan oldin xonalarni va koridorlarni dezinfeksiyalashni tavsiya qilmoqda.

Bahrom Almatov maktablarda mashg‘ulotlar davomiyligini 45 daqiqadan 30 daqiqagacha qisqartirish taklif qilinayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, dars jadvallarini ishlab chiqishda o‘quv jarayonini ertalabki 8:00 dan 15:30 gacha etib belgilash tavsiya qilinmoqda.

Shu bilan birga, bir o‘quvchi bitta sinf tartibini joriy etish taklifi ilgari surilmoqda. Ya’ni o‘quvchilar tanaffus vaqtida bir sinfdan boshqasiga ko‘chib yurmaydi.

«Albatta, bolalar. Bu — maktab, ko‘pchilik. Qolaversa, uzoq karantin hamda yozgi ta’tildan keyin bolalar zerikkan bo‘lishi mumkin. Ularni boshqarishda ozgina muammolar yuzaga kelishi mumkin. Lekin biz bolalar bilan ko‘proq ishlab, ularga ko‘proq ma’lumotlar berib, ularni to‘g‘ri tarbiyalab, bu jarayonda ota-onalarni ham yordamga chaqirib qolamiz», — dedi agentlik direktor o‘rinbosari.

Bahrom Almatov koronavirus pandemiyasi vaqtida maktablarga qanday taqiqlar joriy etilishi mumkinligini aytib o‘tdi.

«Pandemiya davrida ommaviy tadbirlar, yig‘ilishlar, konsertlar va musobaqalar yoki boshqalarni o‘tkazish mumkin emas. Pandemiya davrida oshxonalar, bufetlar ishlamaydi. Undan tashqari, mana, qishloq joylarida ko‘p ko‘ramiz, aholi tomonidan yoki tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan ovqat mahsulotlarini olib kelib, bolalarga sotish holatlarining oldini olishimiz kerak», — dedi u.

Agentlik rahbari o‘rinbosari agar bitta sinfda bir vaqtning o‘zida 3 nafar o‘quvchida virus aniqlansa, faqat o‘sha sinf karantinga олинишини ma’lum qildi. Mazkur sinf onlayn o‘qishga o‘tkaziladi.