Munir Mamedzade YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari lavozimida ish faoliyatini boshladi. Bu haqda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

So‘nggi uch yil davomida u YUNISEFning Qirg‘izistondagi vakili o‘rinbosari sifatida ishlagan, YUNISEF dasturlarini boshqarish, mazkur tashkilotdagi hamda BMT tizimidagi tarmoqlararo hamkorlikni muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul bo‘lib, dasturlarni boshqarish guruhining raisi vazifasini bajargan. U YUNISEFning Ozarbayjon, Moldova, Nepaldagi vakolatxonalarida, shuningdek Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasida ishlagan.

YUNISEFdagi faoliyatidan avval janob Munir Mamedzade turli sohalarda bir qator lavozimlarda, xususan yoshlar masalalari bo‘yicha yirik nodavlat tashkilotining ijrochi direktori, Ozarbayjonda Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman idorasining xalqaro bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. U inson huquqlari, bolalar huquqlari, yoshlar va rivojlanish sohalarida 20 yillik rahbarlik tajribasiga ega.

Janob Munir Mamedzade Moskva Davlat Ochiq Universitetini iqtisodiyot mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U Shveysariyaning Friburg Universitetida ta’lim olib, bolalar huquqlari sohasidagi ilg‘or dastur bo‘yicha magistrlik darajasiga ega bo‘lgan.

Munir Mamedzade Ozarbayjon fuqarosi hisoblanadi.