BMTning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mehnatga layoqatli aholining 12 foizi, ya’ni 2 mln dan ortiq fuqaro xorijda ishlamoqda. Bu haqda Xalqaro press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev gapirib o‘tdi.

Xalqaro press-klubning «Mehnat migratsiyasi: xavfsiz, tartibli va qonuniy» mavzusida tashkil qilingan navbatdagi sessiyasida o‘zbekistonlik mehnat migrantlari haqida ma’lumotlar ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada — 1,5 mln, Qozog‘istonda — 240 ming, Koreyada — 71 ming, Turkiyada — 43 ming, BAAda 5 ming va dunyoning boshqa davlatlarida 120 ming o‘zbekistonlik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.

Mehnat migrantlari viloyatlar hissasidagi ko‘rsatkichlari quyidagicha:

  • Samarqanddan — 268 ming;
  • Farg‘onadan — 247 ming;
  • Qashqadaryodan — 178 ming;
  • Surxondaryodan — 164 ming;
  • Xorazmdan — 140 ming;
  • Andijondan — 132 ming;
  • Toshkent viloyatidan — 102 ming;
  • Toshkent shahridan — 90 ming;
  • Buxorodan — 88 ming;
  • Jizzaxdan — 88 ming;
  • Namangandan — 69 ming;
  • Qoraqalpog‘istondan — 66 ming;
  • Sirdaryodan — 57 ming;
  • Navoiydan 25 ming kishi xorijda ishlaydi.

Shuningdek, press-klub sessiyasida, O‘zbekistonda aholi soni 1991 yildan beri 20 mln dan 34 mln gacha oshgani aytib o‘tildi. 2019 yilda O‘zbekistonda 815 ming odam tug‘ilgan bo‘lsa, 388500 ta ish o‘rni yaratilgan. Har yili mehnat bozoriga 700 mingdan ortiq odam kirib keladi.

«Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekiston hukumati bir kunda taxminan 2000 ish o‘rni yaratishi kerak. Lekin buni nafaqat Rossiya, na Hindiston, na AQSH hukumati amalga oshirishi imkonsiz. Bu haftasiga 14 ming ish o‘rni degani», — deydi Sherzod Qudratxo‘jayev.